21 iyun tongida Rossiya davlat nashrlari asirga tushgan ikki amerikalik - Aleksandr Dryuke va Endi Hyun Donetskda saqlanayotgani haqida xabar tarqatdi. Bu shuni anglatadiki, ular o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR»da ruxsat etilgan o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin - yollangan holda urushda ishtirok etishgani uchun.

Aleksandr Dryuke va Endi Hyun Ukrainaga ko‘ngillilar sifatida kelishgan va turli mamlakatlardan kelgan ko‘ngillilarni birlashtirgan otryad safida jang qilishgan. Aralash tarkibi tufayli unga «Baget» deb xalqaro nom berishgan. Foto: TASK FORCE BAGUETTE

Alabamaliklar

Aleksandr Dryuke - 39 yoshda, Endi Hyun - 27 yosh. Ular Amerikaning Alabama shtatidagi ikki shaharchadan.

Ularning ikkisi ham armiyada xizmat qilgan. Dryuke Iroqda, 2008-2009 yillardagi harbiy kampaniyada ishtirok etgan. Hyun - dengiz piyodasi, Donbassga safarigacha uning qurolli nizolardagi ishtiroki bo‘yicha hech narsa ma’lum emas.

Britaniyaning Telegraph nashriga uning onasi Luiza hikoya qilishicha, Dryuke jarohatdan keyingi stress sindromidan aziyat chekkan, shu tufayli unda ishda muammolar bo‘lgan. U uylanmagan, farzandlari ham yo‘q.

Xyun 2018 yili xizmatdan bo‘shagan, aftidan, uning armiyadan keyingi ishlari nisbatan yaxshiroq kechgan. U sevgilisini Amerikada qoldirgan, 2022 yil aprelida Ukrainaga safar xarajatlari uchun o‘z yonidan 6 ming dollar to‘lagan.

Yuzga qarshi o‘n

Dryuke va Hyun aynan qachon Ukrainada xizmatga kirgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Shunisi ma’lumki, ular jangchilarning aksar qismi Fransiya va AQShga mansub bo‘lganlardan iborat otryadga qo‘shilgan. Natijada bu otryad «Baget» internatsional nomini olgan.

Endi Hyun (chapda) va Aleksandr Dryuke Donetskda saqlanmoqda. CBS/REUTERS

Keyingi voqealar rivojini «Baget» otryadining tvitterdagi xabarlari va Telegraph hamda Amerikadagi qator nashr muxbirlari bilan so‘zlashgan Dryuke va Hyunning safdoshlarining so‘zlaridan bilish mumkin.