Rostov oblastining Novoshaxtinsk neftni qayta ishlash zavodida ikkita dron orqali yo‘llangan zarbalardan keyin yong‘in ro‘y berdi. Mahalliy rasmiylar bu hodisani ukrain harbiylaridan gumon qilmoqda. Bu so‘nggi uch kun ichida bu kabi ikkinchi hujum bo‘ldi - annexia qilingan Qrim hukumati ham dushanba kuni Ukraina tomonini  «Chernomorneftgaz» burg‘ilash platformasiga hujum uyushtirishda ayblagandi. Kiyev ikki hodisaga ham hozircha munosabat bildirmadi.

Novoshaxtinsk neftni qayta ishlash zavodida ma’lum qilishlaricha, korxona hududida yong‘in ikkita uchuvchisiz uchish qurilmalari zarbalaridan keyin chiqqan. Dastlabki zarba Moskva vaqti bilan soat 08:40 da, ikkinchisi soat 09:23 da qayd etilgan. FVVning Rostov oblasti bo‘yicha boshqarmasi xabar qilishicha, yong‘in to‘g‘risidagi xabar mahalliy vaqt bilan soat 9:25 da (Moskva vaqti bilan bir xil) yetib kelgan.

Zavod sayti xabarida aytilishicha, birinchi zarba ELOU-AVT-2,5(I) neftni qayta ishlash blokining texnologik uskunasiga kelib tushgan. Havo sovitkichlarining bosimi tushishi natijasida uglevodorod gazi ajralib chiqqan, portlash va yong‘in ro‘y berib, yon atrofdagi zavod uskunalariga tarqalgan.

Ikkinchi zarba neft xomashyosi saqlanadigan obektlarga yo‘llangan. Zarba natijasida rezervuar parki uskunalari mexanik shikastlangan, zavod saytida aytilishicha, bu holatda yong‘in ro‘y bermagan.

FVV ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in maydoni 50 kvadrat metrni tashkil etgan, soat 10:50 da yong‘in butunlay o‘chirilgan. Qurbonlar va jabrlanuvchilar haqida ma’lumot yo‘q.

Zavod Novoshaxtinsk shahri yaqinida, Ukraina chegarasidan 15 kilometr masofada joylashgan.

TASS mahalliy hukumat organlaridagi manbasiga tayanib xabar berishicha, yong‘in zavod konstruksiyasiga ukrainlar droni kelib urilishidan keyin boshlangan.

«Yong‘in arafasida xodimlar ukrainlar uchuvchisiz uchar qurilmasini ko‘rishgan. U zavod konstruksiyasiga urilgan, shundan keyin portlash va yong‘in ro‘y bergan», degan agentlik suhbatdoshi.

Agentlikning kuch ishlatar tuzilmalardagi manbasi zavod hududida ikkita ukrain droni uchib o‘tganini ma’lum qilgan.

Keyinroq Rostov oblasti gubernatori Vasiliy Golubev zavod hududidan ikkita dron bo‘laklari topilganini xabar qildi.