16-avgustga o‘tar kechasi Ukraina dronlari Moskva shahri, Moskva va Rostov oblastlariga yopirilma hujum amalga oshirdi, qurbonlar va jabrlanganlar bor.

Moskva oblasti gubernatori Andrey Vorobevga ko‘ra, ushbu region so‘nggi vaqtlardagi eng jiddiy zarbani qabul qilib olgan. Tun bo‘yi havo hujumidan mudofaa kuchlari Domodedovo, Podolsk, Stupino, Odinsovo, Naro-Fominsk, Ramensk, Chexov, Kolomna, Kashir va Yegorevskda jami 187 ta dronni urib tushirgan.

Ramensk munitsipal okrugida dronlardan biri xususiy uy hududiga qulashi oqibatida 83 yoshli erkak halok bo‘lgan. Podolskda uch kishi jarohatlangan. Shuningdek, Klimovsk, «Lesnoy» bog‘dorchilik xo‘jaligida (aynan qaysi rayonda ekaniga aniqlik kiritilmagan) va Jeleznodorojniy posyolkasida yana uch kishi jabrlangan.

Podolsk shahrida dron kelib urilishi oqibatida Wildberries’ning «Koledino» sanoat zonasi hududidagi ombori yonib ketdi. Oblast gubernatoriga ko‘ra, xodimlar zarbadan oldin boshpanalarga olib o‘tilgandi va hech kim jabrlanmagan. Telegram-kanallarda ombor hududida kuchli yong‘in chiqqani va osmonga quyuq tutun ko‘tarilgani aks etgan videolar e’lon qilingan.

Kompaniya matbuot xizmati Podolskdagi logistik ob’yektida yong‘in chiqqanini tadiqlagan va u yerda o‘z vaqtida evakuatsiya ishlari amalga oshirilganini ma’lum qilgan. U yerga yangi yuklar olib borilmayapti va u yerdan yuklar olib chiqilmayapti – logistika zanjirlari qayta tuzib chiqilgan.

«Koledino» sanoat zonasi hududidagi ombor (250 ming metr kvadrat) Wildberries’ning 10 ta eng yirik logistik markazlaridan biri edi va shu vaqtgacha ukrainlar zarbasi oqibatida ishdan chiqqan yettinchi yirik ombor bo‘ldi. Endi kompaniya yirik omborlari maydonlarining faqat 20 foizi faoliyatini davom ettirmoqda.

Domodedovoda esa hujum oqibatida dori-darmon ombori yonib ketdi, deb xabar qildi Vorobyev. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q. Okrug rahbari Yevgeniya Xrustaleva yong‘in qurshab olingani, u 56 ming metr kvadrat maydonni qamrab olganini qayd etgan. Bundan tashqari, Kashirda politsiya boshqarmasining yangi binosi, Voskresenskda esa sanoat ob’yektining ayrim inshootlari shikastlangan.

15-avgust oqshomidan beri Moskva tomon 600 ta dron uchirildi, degan poytaxt meri Sergey Sobyanin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva oblasti hududida 201 ta dron yo‘q qilingan. Hujumlar natijasida Moskva avtomobil halqa yo‘li (MKAD) hududida uch kishi jarohatlangan. Sobyaninning xabarida bu qanday ro‘y bergani bo‘yicha tafsilotlar keltirilmagan.

Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlari Rostov oblastiga ham hujum qildi. Hudud gubernatori Yuriy Slyusar besh kishi halok bo‘lib, yana bir kishi jarohat olgan holda shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari uchta shahar va to‘qqizta rayonda 150 dan ortiq dron va raketalarni yo‘q qilgan.

Rossiya mudofaa vazirligi tunda havo hujumidan mudofaa kuchlari 16 ta region va anneksiya qilingan Qrim osmonida Ukrainaning 822 ta droni yo‘q qilingani haqida bayonot bergan. Harbiy idora bayonotida raketa hujumi haqida so‘z ketmagan.