16:51 / 24.06.2022
20056

Hisobotlarda yozilgan 6 mln tup ko‘chat aslida ekilmagan bo‘lib chiqdi

Shu yil bahor oylarida “Yashil makon” umummilliy aksiyasi doirasida aslida ekilmagan 6,2 mln ko‘chat hisobotlarga qo‘shib yozilgan, 3,4 mln tup ko‘chat sug‘orish tizimi yo‘q joyga ekilgan. Hisob palatasi taftishida ma’lum bo‘lishicha, 2,4 mln tup ko‘chat bahor tugamasdanoq qurib bitgan.

Surxondaryo viloyati Sarioyosiyo tumani / Arxiv foto: Kun.uz

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi “Yashil makon” umummilliy aksiyasi doirasida shu yil bahorda olib borilgan daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari yuzasidan taftish o‘tkazdi.

Bahorgi mavsum hisobotlarida respublika bo‘yicha jami 129,6 mln dona ko‘chat ekilgani yozilgan. Amalda esa, Hisob palatasining ma’lum qilishicha:

  • haqiqatda ekilmagan 6,2 mln tup ko‘chat hisobotlarga qo‘shib yozilgan;
  • 3,4 mln tup ko‘chat sug‘orish tizimi bo‘lmagan joylarga ekilgan;
  • 2,4 mln tup ko‘chat suvsizlik va yetarli parvarish bo‘lmagani sababli bahor tugamasdan qurib nobud bo‘lgan;
  • yerning tabiiy iqlim xususiyatlarini inobatga olmagan holda 341 ming tup ko‘chat yaroqsiz yerlarga ekilgan, 65 ming tupida ko‘chatlar orasida belgilangan masofa saqlanmagan;
  • daraxt ekish ishlari tizimli tashkil etilmagan, sug‘orish va parvarishlash uchun tegishli mas’ullar biriktirilmagan.

“Vaholanki, davlatimiz rahbari tomonidan ko‘chatlarni hududiy ekologiya xususiyatlaridan kelib chiqib, to‘g‘ri yondashgan holda ekish va bu borada namunaviy mahallalarni barpo etish masalasi qat’iy belgilangan edi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tegishli vazirliklarga aniqlangan kamchiliklarni tanqidiy muhokama qilib, qayd etilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish, shu jumladan, ko‘chatlarni parvarishlashga jiddiy e’tibor qaratish va mas’ullarga keskin intizomiy choralar ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berildi”, deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, Hisob palatasi Ekologiya va O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitalari bilan birga ekilgan ko‘chatlarning parvarishi ustidan ham nazorat tadbirlari o‘tkazyapti.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev daraxt ekish bo‘yicha “Yashil makon” umummilliy aksiyasini 2021 yil noyabr oyida e’lon qilgan edi.

Top