Italiya parlamentidagi eng yirik partiya, hukmron koalitsiya tarkibiga kiruvchi «Besh yulduz harakati»da 21 iyun kuni Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish masalasi bilan bog‘liq ravishda (kamida so‘zlarda shunday) bo‘linish ro‘y berdi.

Iyun oyi boshida partiya yetakchisi, Italiyaning sobiq bosh vaziri Juzeppe Konte Italiya Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga e’tibor qaratishi kerakligini aytgandi. «Biz uch marta qurol yetkazib berish jarayonida ishtirok etdik va endi bizga diplomatiya sohasidagi hissamiz qimmatliroqdek tuyulmoqda», — degandi u. Partiyaning sobiq rahbari va hozirda Italiya tashqi ishlar vaziri hisoblangan Luidji Di Mayo qurol yetkazib berilishi to‘xtatilishiga qarshi chiqqan, Il Post nashri uni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning yevropalik siyosatchilar orasidagi eng ashaddiy tarafdori deya ta’riflagan.

Bu ziddiyat 23-24 iyun kunlari bo‘lib o‘tayotgan Yevropa kengashi yig‘ilishi (bu yig‘ilishda Ukrainaga YeI a’zoligi uchun nomzod maqomi berilishi kutilmoqda) oldidan Italiya hukumatiga maslahat berish maqsadida parlament rezolyutsiyasini tayyorlash jarayonida ro‘y bergan. «Besh yulduz harakati» rezolyutsiyaga kelgusida qurol-yarog‘ yetkazib berishni taqiqlash bo‘yicha band kiritishni taklif qilgan, ammo Di Mayo va uning tarafdorlari bunga qarshi chiqqan. TIV rahbari, xususan, uning partiyasi rezolyutsiyaga Italiyani NATO va Yevroittifoqdan uzoqlashtiruvchi, bu orqali davlat xavfsizligiga tahdid soluvchi taklif kiritayotganini aytgan.

21 iyun kuni Italiya Senatidagi uzoq muzokaralardan keyin qurol yetkazishni cheklovchi punkt tushirib qoldirilgan rezolyutsiya qabul qilindi. Shunga qaramay, Luidji Di Mayo boshqa o‘nlab parlamentariylar bilan birgalikda partiyadan chiqishini va «Kelajak uchun birga» nomi ostida yangi parlament guruhi tuzilganini e’lon qildi. Matbuot anjumanida siyosatchi o‘z sobiq partiyadoshlarini reytingdagi «bir necha foiz punkt» uchun hukumat faoliyatini shubha ostida qoldirishga behuda urinishda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, partiya a’zolari kimni qo‘llashi borasida aniq tanlov qilishi kerak edi: hujumga uchragan Ukrainani yoki agressor — Rossiyani.

«Urush — media shousi emas. Bu urush dahshatli shafqatsizlik, dahshatli reallikdir. Va qurbonlar — chindan o‘lishgan. Bu oylarda parlamentdagi birinchi siyosiy kuch butun hukumatning diplomatik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashi va dudmollikdan qochishi kerak edi. Ammo bunday bo‘lmadi», — degan u. Di Mayo partiyadan chiqish to‘g‘risidagi qaror og‘ir bo‘lganini, hech qachon bunday bo‘lishi haqida o‘ylamaganini ta’kidlab, shunday qaror qabul qilishga to‘g‘ri kelganini aytgan.