Bavariyada G7 sammitiga yig‘ilgan dunyoning yetakchi demokratik derjavalarining to‘rttasi Rossiya oltini yetkazib berilishini taqiqlash niyati haqida e’lon qildi. London - dunyodagi asosiy oltin savdo markazi hisoblanadi, Rossiya esa o‘tgan yili 15,4 mlrd dollarlik oltin eksport qilgan.
Rossiya oltiniga embargo qo‘yish rejasi haqida sammit arafasida AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Kanada e’lon qilgandi. AQSh prezidenti Jo Bayden bu taqiqqa «yettilik»ning boshqa a’zolari - Germaniya, Fransiya va Italiya ham qo‘shilishiga ishonch bildirgan.
«G7 mamlakatlari birgalikda Rossiyaga o‘nlab milliard dollarlar olib keladigan asosiy eksport mahsulotlaridan biri bo‘lgan Rossiya oltini importini taqiqlayotganimizni e’lon qilamiz», deya yozgandi Bayden Bavariya yerining Elmau qal’asidagi sammit boshlanishi oldidan.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson embargo «Putin harbiy mashinasi yuragiga zarba» bo‘lishini aytgan. Britaniya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshidan buyon Rossiya oltiniga talab oshgan, chunki rossiyalik oligarxlar o‘z pullarini sanksiyalardan qutqarish umidida oltin quymalarini sotib olishga shoshilgan.
Britaniya hukumati yaqin haftalar ichida parlament orqali Rossiya oltinini taqiqlovchi qonun qabul qilmoqchi.
Taqiq faqat yangi, endi qazib olingan oltinga taalluqli bo‘ladi - avvalroq xalqaro bozorga kirib kelgan rossiyaliklar oltini bilan savdo qilishga nisbatan amal qilmaydi.
Germaniya, Fransiya va YeI nimani o‘ylamoqda?
Oltinga embargo qo‘yish g‘oyasini Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham qo‘llab-quvvatlagan; Germaniya va Italiyaning bu boradagi bayonotlari uch kunlik sammit davomida yoki uning yakunida bo‘lishi kutilmoqda.
Ammo Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel (YeI rahbariyati an’anaga ko‘ra «yettilik» sammitlarida ishtirok etadi) oltinga embargo qo‘yish borasida ehtiyotkorlik bilan gapirdi. «Oltin masalasiga kelsak, biz ko‘rib chiqishga, o‘rganishga tayyormiz. Iqtisodiyotimizga qandaydir zarar yetkazmasdan Rossiya iqtisodini nishonga olish mumkinmi yoki yo‘qligini ko‘ramiz», degan Mishel.
Bryussel AQShning Rossiyani narxi jiddiy ko‘tarilgan neft sotuvidan tushadigan daromaddan mahrum etish uchun neft narxiga chegara qo‘yish borasidagi g‘oyasiga ham ehtiyotkorlik bilan yondashgan.
Mishelning so‘zlariga ko‘ra, «yettilik» davlatlari yetakchilari tom ma’noda narxlarni cheklamaydigan, ammo amalda cheklovchi mexanizmni muhokama qiladi. Gap Rossiya nefti eksporti partiyalarini sug‘urtalashni cheklash yoki taqiqlash haqida ketmoqda.












