Belgiyalik faylasuf va iqtisodchi Filipp van Pareys talqiniga ko‘ra, bazaviy daromad (BD) - bu davlat tomonidan uning barcha a’zolariga individual asosda, hech qanday sharsiz va mehnat stajini talab qilmasdan to‘lanadigan puldir. Bunday daromad odamni qashshoqlikka tushib qolishdan saqlashi lozim. 

BD har bir odamga uning shaxsiy daromadi, ijtimoiy mavqeyi, yoshi, ish joyi va boshqalardan qat’i nazar to‘lab beriladi. Mana shu jihati bilan boshqa ijtimoiy to‘lovlardan farq qiladi. Oddiy so‘z bilan tushuntirganda, hukumat qashshoqlik chegarasini pulda belgilab olishi va jamiyatning har bir a’zosiga hech qanday sharsiz bu pulni har oyda to‘lab borishi lozim. Ba’zi OAV buni «vertolyotdan pul sochish» deb ham atagan. 

BD atrofidagi bahs-munozaralar yarim asrdan beri davom etmoqda. Bu g‘oyaning tobora ko‘proq yangi tarafdorlari yoki muxoliflari paydo bo‘lmoqda. Loyihaning iqtisodiyot va jamiyatga qanday ta’sir qilishini aniq ko‘rsatadigan tajribalar o‘tkazilmagan. Ammo mahalliy darajada izlanishlar davom etyapti. 

Bazaviy daromad nega kerak? Uning tarafdorlari qanday asoslarni keltirmoqda?

«Qo‘lingizdagi pul erkinlik qurolidir, siz ishlab topishga intilayotgan pul esa qullik qurolidir», - deb ta’kidlagan edi Jan Jak Russo o‘zining «Tavbalar» kitobida. 

Qaysidir ma’noda, bu keng qamrovli iborada BD tarafdorlarining asosiy argumentlari bor: agar bunday to‘lovlar hammaga berilsa, inson erkinroq, jamiyat esa yanada adolatli bo‘ladi. 

Bugungi kunda ushbu g‘oya ikkita global muammo nuqtayi nazaridan muhokama qilinmoqda. 

Birinchidan, iqtisodiyotni raqamlashtirish va ishlab chiqarishni robotlashtirish ishsizlikning nazoratsiz o‘sishiga olib keladi. Yangi, yuqori samarador texnologiyalarning joriy etib borilishi millionlab odamlarni daromadsiz qoldirishi mumkin. 

Ikkinchidan, bazaviy daromadning joriy etilishi qashshoqlik keskin o‘sishining oldini olishga va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlardan kelib chiqadigan inqirozli hodisalarini yumshatishga imkon beradi. 

Germaniyaning Volkswagen zavodidagi robotlar (drive2.ru) 

BD bilan mohiyatan o‘xshash loyihalar tarix davomida amalga oshirilgan va hozir ham tatbiq etilmoqda. 

Masalan, XVI asr o‘rtalarida Yevropada iqtisodiyotni feodalizmdan kapitalizmga o‘tkazish jarayoni boshlanganida minglab odamlar ishsiz qoldi. Oqibatda, shahar va qishloqlar qashshoq tilanchilarga to‘lib ketgan. Faqat mahalliy ma’muriyat, cherkov va xayriyachilar aralashuvi bilan kambag‘allarga muntazam va bepul asosda vaqtincha pul yoki boshqacha yordam berish choralari ko‘rilgan.