2021 yil 7 dekabr kuni Denovdagi “INDENIM” savdo majmuasida sodir bo‘lgan portlashga aybdor sanalgan shaxslar ustidan 2022 yil 28 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudida hukm o‘qilgan. Bu haqida bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kun.uz'ga ma’lum qildi.
Hukmga ko‘ra “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali Denov shahar gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan B.Qurbonov Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismining “a” bandi (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 207-moddasi 3-qismining “a” bandi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash oqibatida odam o‘lishiga sabab bo‘lish) bilan aybli deb topilgan.
Unga nisbatan uzil-kesil 3 yil 7 oy 11 kun ozodlikni cheklash jazosi tayinlanib, sutkaning kech soat 22:00 dan ertalab soat 06:00 ga qadar yashash joyidan chiqishi cheklangan.
Tergov va sud jarayonida qamoqda bo‘lib turgan B.Qurbonov hukm e’lon qilingach, tergov hibsxonasidan ozod qilingan.
“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali qurilish va montaj boshqarmasi elektrgazpayvandchi vazifasida ishlagan N.Usanov Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismining “a, b” bandlari (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik odamlar o‘limiga va boshqacha og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi) va 214-moddasi 3-qismining “v” bandi (Davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi – bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib) bilan aybli deb topilib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali “Denovshahargaz” bo‘limi gaz taqsimlash punktlari bo‘yicha chilangari A.Narzullayev ham Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismining “a, b” bandlari 214-moddasi 3-qismining “v” bandi bilan aybli deb topilgan. Unga hamkasbidan farqli o‘laroq 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Bu muddat ichida u sutkaning soat 22:00 dan ertalab soat 06:00 ga qadar bo‘lgan vaqtida yashash joyidan chiqish huquqidan mahrum qilingan.















