AQSh hukumati moliyalashtiradigan OTF ochiq texnologiyalar fondi Rossiya hududida bepul VPN xizmati taqdim etadigan kompaniyalarga pul to‘lab berishini e’lon qildi.

Ukrainada urush boshlangach rossiyaliklar bloklangan saytlarni o‘qish uchun VPNdan yanada faol foydalana boshlashdi. OTF hisob-kitobiga ko‘ra, millionlab rossiyaliklar Latern, Psiphon va nthLink kompaniyalari taqdim etadigan VPNlardan foydalanadi. Foydalanuvchilar soni oshib ketgach, VPN xizmati taqdim etuvchi kompaniyalarning xarajatlari ko‘payib ketdi, sanksiyalar kuchga kirgach esa daromadlar kamaygan. Oqibatda kompaniyalar Rossiyani tark eta boshladi.

VPN kompaniyalari Rossiyani tark etmasligi, ular zararga ishlamasligi uchun AQSh fondi moliyalashtirish siyosatini amalga oshirishga qaror qilgan. Lantern va Psiphon kompaniyalari Rossiyada urush boshlangan ilk kunlarda bloklash holatlari kuzatilmagani, keyinchalik ba’zi oddiy narsalar bloklana boshlaganini ma’lum qilgan.

Bloklangan internet servislar soni ko‘paygani sari VPN servislarining xarajatlari ko‘payib ketgan. OTF fondi VPN kompaniyalarini moliyalashtirish uchun odatda yillik 3-4 million dollar sarflaydi, ammo bu yil Rossiya tomonidan senzura kuchaygani uchun xarajatlar ancha oshishi kutilmoqda.