«Qo‘llariga miltiq olib, Milliy gvardiya xodimlarini otdi» - Prezident Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat rejimi zarurati haqida
Shavkat Mirziyoyev Nukusdagi namoyishchilar tashqaridan boshqarilgani va qo‘liga qurol olgani, bundaylar jazolanishini ma’lum qildi.
3 iyul kuni yana Qoraqalpog‘istonga borgan prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahri Jyeketerak mahallasi aholisi bilan uchrashdi.
«Albatta, dunyo hozir notinch. Bunday o‘rnak olish bizga yarashmaydi. Bizga faqat tinchlik va osoyishtalik kerak, birdamligimiz kerak. Har doim kelib, sizlar bilan ochiq muloqot qilaman, uchrashaman, vakillarimni tashlab ketaman.
Qoraqalpog‘istonda katta ishlar boshlaganmiz, mana mahallalar o‘zgardi. Avval bunday emasdi-ku? Odamlarni eshitadigan tizim yo‘q edi-ku?
Birovga ko‘z-ko‘z qilish uchun emas, maqtanish uchun emas, haqiqatni aytyapmanki, iloji boricha, davlat xalqni eshitadigan, davlat xalqni rozi qiladigan tizim yaratsak, niyatimizga erishamiz», degan davlat rahbari.
Prezident Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat joriy etilgani haqida to‘xtalgan.
«[Favqulodda holat rejimi] tinchlikning kafolati. Xalqimizning tinchligini hammamiz o‘ylashimiz kerak. Bitta odam nobud bo‘lsa ham, xalq uchun bu fojia.
Tasavvur qilinglar, qo‘llariga miltiq olgan, Milliy gvardiya xodimini otdi, kecha to‘ntaruv qilaman deb armiyamiz ustiga bostirib bordi.
Bu nima degan gap? Tashqaridan boshqaryapti bularni. Bular ularning o‘yiniga o‘ynayapti. Biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz, kuchimiz ham, qudratimiz ham bor, imkoniyatimiz bor. Qoraqalpog‘istonda tinchlik o‘rnatamiz. Faqat u noinsoflarni ushlab, qonun ustuvorligi, jazo muqarrarligini ta’minlashimiz kerak», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Huquqbuzarlar esa qonun oldida javob berishi aytildi.
«Kelib uchrashishimdan maqsad, avvalambor sizlar orqali butun mana shu Nukus va qoraqalpoq xalqiga aytishim kerak-ki, men o‘zim prezident bo‘lib kafolat beramanki, hech qanday masala bo‘lmaydi, qattiq, temir intizom bo‘ladi», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Jyeketeraklik yoshullilar kechagi ko‘ngilsiz voqealarda ba’zi yoshlar adashgani va qonunga zid harakatlar sodir etgani, tashqi g‘arazli kuchlar ta’siriga tushib, his-hayajonga berilganini afsus bilan aytishdi.
O‘zbeklar va qoraqalpoqlar ikki tilli bir el ekanini, mamlakatimiz birligi va tinchligining qadriga yetish kerakligini ta’kidlashdi.
Mavzuga oid
16:37
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
15:15
Shavkat Mirziyoyev Yangihayotda barpo etilayotgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘ldi
13:42
Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” loyihasi doirasida barpo etilayotgan yangi bog‘ga ko‘chat ekdi
22:12 / 22.11.2024