O‘zbekiston | 13:59 / 06.07.2022
18440
4 daqiqa o‘qiladi

Qabul-2022: Respublika chempionlarining o‘qishga kirishdagi imtiyozi bekor qilindi, abituriyentlar bundan norozi

Tahririyatga sportchi-abituriyentlardan ko‘plab murojaatlar kelmoqda. Ularning qisqacha mazmuni: shu paytgacha respublika sport musobaqalari g‘oliblariga OTMlarga kirishda berilgan imtiyozning bekor qilingani bilan bog‘liq. 

Gap shundaki, "Xalqaro va respublika tanlovlari, musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan akademik litseylar, professional ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarini taqdirlash tartibi to‘g‘risida"gi 2008 yilgi Nizomga muvofiq, kattalar va yoshlar o‘rtasida Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari dasturlariga kiritilgan sportning olimpiya va paralimpiya turlari bo‘yicha:

  • Olimpiya va Paralimpiya;
  • Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari;
  • Jahon va Osiyo chempionatlarida oxirgi to‘rt yilda;
  • hamda respublika chempionatlarida oxirgi bir yilda g‘olib va sovrindor (1 — 3 o‘rin) bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari, o‘rta maxsus professional ta’lim muassasalarining bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlar qabul qilish boshlanguniga qadar oliy ta’lim muassasalarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga qo‘shimcha davlat granti asosida kunduzgi, sirtqi, kechki ta’lim shakllariga imtihon sinovlarisiz qabul qilinishi belgilab qo‘yilgandi.

Bu degani sportning olimpiya va paralimpiya turlari bo‘yicha Olimpiya, Paralimpiya, Jahon va Osiyo, respublika musobaqalari g‘oliblari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha imtihonsiz o‘qishga kirishi mumkin edi.

Biroq joriy yil 15 iyunda qabul qilingan oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risidagi prezident qarori bilan sportchilarning o‘qishga kirishdagi imtiyozlari bilan bog‘liq qism tahrirlandi. Imtihonsiz o‘qishga kiradiganlar ro‘yxatidan respublika g‘oliblari butunlay olib tashlangan, Jahon va Osiyo chempionatlarining oxirgi to‘rt yillik g‘oliblari emas, oxirgi bir yillik g‘oliblari imtihonsiz o‘qishga qabul qilinishi belgilangan.

Ya’ni endi respublika chempionatlari g‘oliblarida o‘qishga kirishda imtiyoz berilmaydi. Bu esa shu paytga qadar chempionat g‘olibi bo‘lgan va imtihonsiz o‘qishga kirishiga ishongan abituriyentlarni ora yo‘lda qoldirdi. Sportchi-abituriyentlar Kun.uz’ga ham murojaat yuborishmoqda. Ular imtiyozning olib qo‘yilishidan, ushbu o‘zgarish haqida o‘zlari nega ertaroq xabar topishmaganidan norozi.

Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida bu turdagi imtiyozlarni berish uchun mas’ul bo‘lgan Sportni rivojlantirish vazirligi bilan bog‘landik.

Vazirlik tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, hozirga qadar respublika chempionatlarida 1–3 o‘rin g‘olibi bo‘lgan 1,2 mingdan oshiq abituriyent imtiyoz olish uchun murojaat qilgan.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, respublika g‘olibi bo‘lgan sportchilarga beriladigan imtiyozlar bekor qilinishi – hamma bir xil, teng huquqlilik asosida imtihon topshirishi g‘oyasi bilan bog‘liq. Bu bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan yig‘ilishlar o‘tkazilib, mavzu muhokama ham qilingan.

Endi respublika chempionati g‘olibi bo‘lgan sportchi-abituriyentlarning asosiy tanlovi bitta – oliy ta’lim muassasalarining ijodiy imtihonlariga tayyorgarlikni boshlab, boshqalar qatori imtihon topshirish. Sababi imtiyoz qonunan bekor qilib bo‘lingan, qabul allaqachon boshlanib ketdi, imtihon sanasiga esa oz qoldi.

Mavzuga oid