Qoraqalpog‘istonga borishda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida tutab yotgan shahar, jazavaga tushgan va jabrlangan odamlar tasavvur qilingani rost. Lekin ilk qadamlardanoq butunlay o‘zgacha manzaraga guvoh bo‘linadi. To‘g‘ri, hali hammasi oldingidek emas, lekin vaziyat ancha iziga tushgan, odamlar ko‘chalarda emin-erkin harakatlanmoqda, hamma o‘z kundalik tashvishlari bilan band. Bozorlarda odam gavjum, savdo rastalarining aksariyatida savdo qizg‘in.
Hali internet faoliyati tiklanmagan, ammo ayrim bankomatlar, ijtimoiy obektlar ishlab turibdi, markaziy maydonlar, namoyish bo‘lib o‘tgan joylar toza-ozoda, hech narsa tartibsizliklar bo‘lganini eslatmaydi.


Ko‘chalarda barvasta harbiylar borligi esa tinchlik bo‘yicha qat’iyat naqadar jiddiyligini anglatib turadi, tartibsizliklarga endi aslo yo‘l yo‘qligini ta’kidlagandek bo‘ladi.
«Voqealar boshlanishi va bu qadar tez avj olishida xorijiy kuchlar aralashuvi bo‘lgani qator dalillar bilan tasdig‘ini topmoqda. Chunki namoyishchilar aloqa cheklanganiga qaramay bir vaqtda bir necha nuqtada uyushgan holda harakatlangani, ularga spirtli ichimliklar va giyohvand moddalar yetkazib berilgani, guruhlar aniq boshqarib turilgani ma’lum.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlardagi vaziyatni ham kuzatib boryapmiz. Qo‘shimcha ma’lumotlar tergov yakuniga ko‘ra taqdim qilinadi. Lekin hozirdanoq qat’iy xulosa qilish mumkin – bu tinch namoyishlar bo‘lmagan», – dedi Milliy gvardiya polkovnigi Zafar Alimov OAV vakillari uchun uyushtirilgan matbuot anjumanida.
Namoyishchilarning maqsadi konstitutsion tuzum va hududiy yaxlitlikka tajovuz ekanining yana bir belgisi – ular Dauletmurat Tojimuratovni Qoraqalpog‘iston rahbari deb e’lon qilmoqchi bo‘lishgan. Hech qanday huquqiy asossiz, shunchaki uning chaqiriqlariga ergashgan holda. Noqonuniy mitinglarda hammaning e’tiborini o‘ziga qaratgan Tojimuratov hokimiyat ramzini anglatuvchi yangi to‘nni yelkasiga olgan holda Qoraqalpog‘istonning ajralib chiqishiga oid separatistik ruhdagi chiqishlar qilgan.





























