Jahon | 13:51 / 15.07.2022
8426
2 daqiqa o‘qiladi

Bellingcat va The Insider Rossiyada «nomaqbul» deb topildi

Rossiya Bosh prokuraturasi Bellingcat va The Insider tadqiqotchi jurnalistlarining faoliyati «Rossiya Federatsiyasi konstitutsiyaviy tuzumi va xavfsizligi asoslariga tahdid solayotganini» ma’lum qildi.

Foto: Globallookpress

Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi Bellingcat surishtiruv loyihasi, The Insider internet-nashri, shuningdek, Chexiyada ro‘yxatga olingan Markaziy va Sharqiy Yevropa huquqiy tashabbus instituti faoliyatini «Rossiya hududida nomaqbul» deb tan oldi. Ularning faoliyati «Rossiya Federatsiyasining konstitutsiyaviy tuzumi asoslari va xavfsizligiga tahdid soladi», deya xabar berdi idora matbuot xizmati 15 iyul, juma kuni. 

Bellingcat - ochiq ma’lumotlar va ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda tadqiqot olib boruvchi jurnalistlarning xalqaro jamoasi. The Insider - jurnalistika surishtiruviga ixtisoslashgan onlayn nashr. Ikkalasi ham Rossiya Ukrainada olib borayotgan urushni faol yoritib kelmoqda. Avvalroq Bellingcat va The Insider bir qancha shov-shuvli surishtiruvlarni, jumladan Boris Nemsovning o‘ldirilishi, Sergey va Yuliya Skripallarning zaharlanishi, shuningdek, Aleksey Navalniy va Dmitriy Bikovlarning o‘ldirilishiga urinishlar haqida materiallarini e’lon qilgan edi. 

Rossiyada nomaqbul xorijiy va xalqaro tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun 2015 yil 23 mayda prezident Vladimir Putin tomonidan imzolangan. Hozirgi vaqtda Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi tomonidan yuritiladigan ro‘yxatga 56 ta tashkilot kiradi. Ularning Rossiya hududidagi har qanday faoliyati taqiqlangan va ular bilan hamkorlik qilish jinoiy ish qo‘zg‘atilishi hamda qamoqqa olinishiga olib kelishi mumkin. 

 

Mavzuga oid