Rossiya qo‘mondonligi Donbassda uch oy ichidagi ilk operativ muvaffaqiyatini nishonlashga ulgurmasidan, ukrain armiyasi raqibni vayrongarchilik urushining og‘ir kundalik hayotiga qaytardi. Rossiya artilleriya borasidagi ustunlik evaziga (G‘arb baholariga ko‘ra, stvollar soni bo‘yicha ham, bir qurolga zaxira snaryadlar miqdori bo‘yicha ham bir necha barobar ustunlik kuzatilgan) muvaffaqiyatga erishgandi. Ukraina qo‘mondonligi bu ustunlikni qisqartirish imkonini topdi — G‘arb yetkazib bergan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari va u orqali qo‘llanadigan yuqori aniqlikdagi raketalar vositasida. Zarbalar Rossiya harbiy mashinasining eng zaif qismiga — logistikaga berilmoqda. Endi Rossiya qo‘mondonligi Donbass va Xersondagi guruhlar uchun ta’minot tizimini qaytadan qurishi talab etiladi; va mobilizatsiyasiz buni uddalashning imkoni bo‘lmasligi mumkin.
«Meduza» Ukrainaga Rossiyaning artilleriya borasidagi ustunligini qisqartirishda qo‘l kelayotgan HIMARS tizimi imkoniyatlari va Rossiya armiyasi unga qarshi turish uchun qanday choralar ko‘rishi mumkinligi haqida material tayyorladi.
Lisichanskni egallash hali yakuniga yetmasdan ukrain harbiylari Rossiya armiyasi nazoratidagi ichkari hududlarda joylashgan artilleriya uchun o‘q-dorilar joylashtirilgan omborlarga zarba bera boshladi. Yigirmaga yaqin yirik omborlar portlatib yuborilgan — ularning aksarida snaryad va raketalar zaxirasi to‘lig‘icha yo‘q bo‘lgan. Ularning barchasiga (yoki qariyb barchasiga) front liniyasidan 40-80 kilometr masofadan turib Ukrainaga AQSh va Buyuk Britaniya tomonidan yetkazib berilgan HIMARS va M270 (biri g‘ildirakli, ikkinchisi gusenitsali) baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan yuqori aniqlikdagi raketalar bilan zarba berilgan. Bu hujumlarga javob qaytmagan: baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari yo‘q qilinganiga oid dalillar yo‘q.
Shu tariqa, Ukraina qo‘mondonligi shularni namoyish etdi:
- Uzoq masofaga va aniq otuvchi qurollarga ega va ulardan foydalana oladi.
- HIMARS yetkazib berilguncha yetishning imkoni bo‘lmagan nishonlarni topishi mumkin.
- Rossiya armiyasining oldingi chiziqdagi qismlarining butun logistika tizimi va uning artilleriya kuchidagi ustunligini xavf ostida qoldirishi mumkin.
HIMARS sovetlarning tizimlaridan nimasi bilan farqlanadi?





















