«Prezident Putinning sog‘lig‘i haqida ko‘p mish-mishlar yuribdi. Ammo shuni aytishimiz mumkinki, u soppa-sog‘», deya qayd etdi Byorns Kolorado shtatidagi yirik xalqaro konferensiya ishtirokchilaridan tushgan savolga javoban.
Auditoriyada ko‘tarilgan kulgidan keyin AQSh tashqi razvedkasi rahbari va o‘tmishda Amerikaning Moskvadagi elchisi sifatida Rossiya yetakchisi bilan yaqin aloqada bo‘lgan Byorns bu o‘z xizmatining rossiyaliklar prezidenti sog‘ligi borasidagi razvedka ma’lumotlariga asoslangan rasmiy xulosasi emasligi, gap o‘z shaxsiy fikri haqida ketayotganini ta’kidlagan.
Putin shu yili 70 yoshga chiqadi va OAVda muntazam ravishda uning qandaydir kasallikka chalingani, ehtimol onkologik kasalliklardan aziyat chekishi to‘g‘risida tasdiqlanmagan xabarlar chiqib turadi.
Xususan, «Proyekt» nashri davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida 2016 yildan 2020 yilga qadar Putinning Sochiga safarlariga shifokorlar brigadasi hamrohlik qilgani to‘g‘risida yozgan. Ko‘p hollarda u bilan ikki nafar otolaringolog shifokor (ulardan biri Putinga 59 bor, boshqasi - 38 bor) va qalqonsimon bez muammolari bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan jarroh (35 bor) uchgan.
Putinning shu haftada Eronga tashrifi vaqtida olingan kadrlar ham uning salomatligi bilan bog‘liq mavzu kontekstida faol muhokama qilindi: xususan, OAV uning noodatiy qadam tashlashiga e’tibor qaratgan.
Putin o‘z salomatligi to‘g‘risida jiddiy qayg‘uradi. Ukrainaga bosqin ham, to‘rt bor koronavirusga qarshi vaksina olgani ham, pandemiya kuchsizlashgani ham Rossiya prezidenti bilan uchrashadiganlar uchun karantinni bekor qila olmagan.
2005-2008 yillarda AQShning Rossiyadagi elchisi sifatida ishlagan Byorns payshanba kuniga o‘tar kechasi Aspendagi xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan forumda chiqish qildi - har yili o‘tkaziladigan bu yirik konferensiyaga dolzarb global muammolar muhokamasi uchun dunyoning turli burchaklaridan yuqori martabali siyosatchilar tashrif buyurishadi.
Forumda Byornsga yo‘llangan deyarli barcha savollar Rossiya va Ukraina mavzusiga bag‘ishlandi.

Shu kunlarda AQSh va uning ittifoqchilari Rossiya tajovuzini qaytarish uchun Ukrainaga yana kamida sakkiz dona HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari yuborish majburiyatini oldi - bungacha Ukraina qurolli kuchlariga jami 12 dona shunday qurilma yetkazib berilgandi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa Rossiya Ukrainaga bosqin «geografiyasini kengaytirmoqchiligi» haqida gapirgandi.
















