Bu binoning zarur xavfsizlik talablari va shaharsozlik me’yorlariga javob bermasligi haqida dastlab qurilish vazirligi o‘z munosabatini e’lon qildi. Chunonchi, vazirlik «O‘zog‘irsanoatloyiha» AJ va Samarqand viloyat qurilish nazorati inspeksiyasi xodimlari tomonidan 2022 yil 6 may kuni binoning seysmik holati o‘rganib chiqilib, binoning QMQ, ShNQ talablariga javob bermasligi va kolonnalarning ayrim joylari darz ketganligini ko‘rsatib, binoni buzish bo‘yicha xulosa berilganini qayd etgan.

Samarqand viloyat qurilish nazorati inspeksiyasi ham bu binoning texnik holati haqida matbuot anjumani o‘tkazgan edi.

Shundan so‘ng Kun.uz saytida ushbu binoni qurgan tadbirkor Furqat Xalilov bilan katta intervyu e’lon qilindi. Tadbirkor binoni qanday barpo etganini hikoya qilib, so‘nggi yillarda uni hujjatlashtirish bilan bog‘liq to‘sqinliklarga duch kelayotganini aytib bergan edi.

Nihoyat, Qurilish vazirligi qurilish sohasi soha mutaxassislari, olimlar ishtirokida Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasida ushbu binoning mustahkamligi va qonuniyligi bilan bog‘liq masalalarga oydinlik kiritish uchun katta matbuot anjumani tashkillashtirdi.

12 qavatli mehmonxona binosining texnik holati haqida dastlab Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Laziz Hamidov o‘z fikrlarini bildirdi. Boshqarma boshlig‘i bino shaharsozlik normalariga mutlaqo javob bermasligini ta’kidlab o‘tib, uning mustahkamligi ham savol ostida ekaniga urg‘u berdi. Chunonchi, binodan foydalanishga ruxsat berilsa, unda qo‘shimcha yuklar paydo bo‘lishi, qurilganiga 6 yil bo‘lib hali bo‘y ko‘rsatmagan nuqsonlar tezda paydo bo‘lib, binoda ishlayotgan, yashayotgan insonlar, shuningdek qo‘ni-qo‘shnilar hayotiga xavf solishi mumkinligini aytib o‘tdi.