Tuxelning faryodi
Ammo gap nafaqat natijada. Bu shunchaki yozgi o‘rtoqlik o‘yini, natija bir necha kundan keyin unutiladi. Bundan tashqari, tarkib va sxema bo‘yicha ham eksperiment o‘tkazildi (odatdagi 3-X-X o‘rniga 4-4-2).
Biroq, «Chelsi» bosh murabbiyi Tomas Tuxelning o‘yindan keyingi nutqi qiziqroq.
«Hozir asabiylashyapman. Biz yaxshi o‘ynamadik, shunchaki raqobatbardosh emasdik. Eng achinarlisi, «Arsenal»ning jismoniy va ruhiy tayyorgarlik darajasi biznikidan ancha yuqori bo‘ldi. Ha, albatta, tarkibimiz optimal emasdi. Raqib esa Premer-Liga uchun mo‘ljallangan kuchli tarkibni maydonga tushirdi. Bu qisman nima bo‘lganini tushuntiradi, lekin faqat qisman. Ikki haftadan so‘ng, chempionat boshlanishiga tayyor bo‘lamiz, deb kafolat berolmayman», dedi Tuxel.
Ammo nemis mutaxassisining so‘nggi so‘zlari ancha qiziqroq:
«O‘tgan mavsumda qiyin o‘yinlar bo‘ldi. Mavsumning ba’zi qismlarida qiyinchiliklarga duch keldik. Keyin sanksiyalar ostida qoldik, bir necha o‘yinchilar bizni tark etishdi, ba’zilari ketishga harakat qilmoqda. Hozirgi holat mana shunday. Bizga zudlik bilan sifatli o‘yinchilar, ko‘plab sifatli o‘yinchilar kerak edi. Ha, bizda ikki nafar yangi o‘yinchi bor. Ammo hali u qadar raqobatbardosh emasmiz va afsuski, buni ko‘rdingiz».
Murabbiylar ko‘pincha omma oldida tarkibni kuchaytirish zarurligiga shama qilishadi – bu mutlaqo normal holat. Agar fikrlaringizni klubga yetkaza olmasangiz, bu rahbariyatga bosim o‘tkazish usullaridan biri bo‘ladi. Ammo Tuxelning Floridadagi so‘zlari shama emas, balki ular Todd Boeli boshchiligidagi «Chelsi»ning yangi xo‘jayinlariga qaratilgan chinakam faryoddir.
Xo‘sh, «Chelsi»ning transferlari haqida nima deyish mumkin?
Tuxel gapirgan yangi kelganlar – Rahim Sterling va Kalidu Kulibali. 27 yoshli vinger «Manchester Siti»dan 50 million funt evaziga o‘tdi va 5 yillik shartnoma imzoladi. 31 yoshli himoyachi esa «Napoli»dan 38 million yevroga sotib olindi va 4 yillik shartnoma rasmiylashtirildi. Qolaversa, odatdagidek, ijaraga berilganlarning bir guruhi Kobhemdagi bazaga qaytdi – «Chelsi» bu borada Yevropada yetakchilardan biri.
Ko‘zga ko‘ringan ikki futbolchi – «Kristal Pelas»da ajoyib mavsumni o‘tkazgan 22 yoshli yarimhimoyachi Konor Gallaher (34 o‘yin, 8 gol, 3 golli uzatma) va «Sauthempton»da zo‘r o‘ynagan 20 yoshli markaziy hujumchi Armando Broxa (32 o‘yin, 6 gol, 1 golli uzatma). Ikkinchisining kelajagi noaniq, ammo Gallaher maydon o‘rtasida «Chelsi» o‘yiniga rang berishga qodir. Tuxel u jamoada qolishini istayapti.

















