Kecha, 26 iyul kuni imzolangan qonun bilan Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Moliya vazirligi bu o‘zgarishlar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Nodavlat maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘qishga to‘lov soliq solishdan ozod qilinadi
Bu imtiyoz qanday ishlaydi?
Nodavlat maktabgacha yoki maktab ta’lim tashkilotida o‘qish pulli hisoblanadi. Bundan keyin ota-onaning har bir farzandga oyiga 3 mln so‘m doirasidagi xarajatlari soliq solishdan ozod qilinadi.
Masalan, ota (ona)ga uning ish joyi bo‘yicha har oyda 720 ming so‘m (6 000 x 12 foiz) daromad solig‘i ushlab qolingan holda 6 mln so‘m ish haqi hisoblanadi. U buxgalteriyaga o‘z farzandining ta’minoti uchun maktabgacha ta’lim tashkilotiga har oyda 2,5 mln so‘m o‘tkazish haqida ariza taqdim etdi.
2,5 mln so‘mga soliq solinmaydi. Buxgalteriya faqat 3,5 mln so‘mdan soliq ushlab qoladi. Soliq 420 ming so‘mni (3500 x 12 foiz) tashkil qiladi. Ota (ona) soliqdan oyiga 300 ming so‘m tejaydi.
Imtiyoz qanday qo‘llanadi?
Ota yoki ona imtiyozni:
- o‘z korxonasining buxgalteriyasiga mablag‘larni nodavlat maktabgacha yoki maktab ta’lim tashkilotiga o‘tkazish haqida ariza va to‘lovga schyot (shartnoma) taqdim etgan holda ish joyi bo‘yicha;
- soliq xizmatiga yil yakunlari bo‘yicha daromadlar to‘g‘risida deklaratsiya va o‘qish uchun to‘lov amalga oshirilgani to‘g‘risida hujjatlarni taqdim etgan holda qo‘llashi mumkin.
Imtiyoz 2022 yil 1 apreldan amal qiladi.
Norezident jismoniy shaxslarning O‘zbekistondagi manbalardan oladigan daromadlari bo‘yicha soliq solish stavkasi pasaytirildi
Norezident jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi 20 foizdan 12 foizgacha pasaytirildi. Masalan, agar norezidentning bir oyda daromadi 1000 shartli birlikni tashkil etgan bo‘lsa, budjetga ushbu summadan 200 shartli birlik to‘langan. Hozir ushlab qolish summasi 120 shartli birlikni tashkil qiladi.
12 foizlik stavka 2022 yil 1 maydan boshlab hisoblangan daromadlarga nisbatan qo‘llanadi.
Qaysi daromadlarga 12 foiz stavka qo‘llanadi?
12 foiz stavka mehnat shartnomalari va fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnomalar bo‘yicha olingan daromadlarga, shuningdek boshqa daromadlarga qo‘llanadi, bundan dividendlar, foizlar va fraxtdan olinadigan daromadlar mustasno.















