Grozevning fikricha, FXX jiddiy xatoga yo‘l qo‘yib, o‘nlab kontrrazvedka xodimlarini oshkor qilib qo‘ygan. BBC jiddiy shov-shuvga aylangan voqea haqidagi hozirgacha mavjud bo‘lgan barcha tafsilotlarni to‘pladi.
FXX talqini
Dushanba kuni Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Ukraina razvedkasining operatsiyasi yo‘qqa chiqarilganini e’lon qildi. Xabarda aytilishicha, ukrain razvedkachilari Su-24 bombardimonchi samolyoti, Su-34 qiruvchi-bambordimonchi samolyoti va Tu-22M3 raketa tashuvchi qiruvchi samolyotini o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan. Ya’ni rossiyalik uchuvchilarga pul va’da qilish orqali bu samolyotlarni qo‘lga kiritishni istagan.
FXX xabariga ko‘ra, ukrainlar har bir o‘g‘irlangan samolyot uchun uchuvchilarga 2 million dollargacha pul, ularning xotinlarini esa Yevropa Ittifoqidagi birorta davlatga olib borishni va’da qilgan. FXX e’lon qilgan videoda uchuvchilar o‘z samolyotini ko‘rsatgan va qo‘lida raqam ushlab turgan. FXXga ko‘ra, uchuvchilar bunday video orqali Ukraina qurolli kuchlariga samolyotlarni o‘g‘irlash operatsiyasiga tayyor ekaniga ishora bergan. Xabarda iddao qilinishicha, uchuvchilar qo‘llarida ushlagan raqamlarni ularga Ukraina razvedkasi vakillari bergan.
FXX ushbu operatsiya davomida ukrainalik harbiylarni mamlakat janubi-sharqidagi havo hujumidan mudofaa tizimlari va aerodromlar haqida ma’lumot berishga majbur qilganini xabar qilgan. Shuningdek, xabarda iddao qilinishicha, Ukraina razvedkachilari bu operatsiyani g‘arblik, xususan, britaniyalik maxsus kuchlar yordamida amalga oshirgan.
Rossiya tomoni ushbu operatsiyada Bellingcat nashri surishtiruvchisi Xristo Grozev ham ishtirok etganini aytmoqda. Bu jurnalist Rossiyaga qarshi ko‘plab surishtiruvlar o‘tkazgan. Xabarda aytilishicha, Grozev Britaniyaning Mi-6 razvedka guruhi bilan hamkorlik qiladi.
Xristo Grozev talqini
Jurnalist tvitterdagi sahifasida ushbu operatsiya chindan Ukraina razvedkasi tomonidan amalga oshirilgani, ammo unga hech qanday aloqasi yo‘qligini yozdi.

2022 yil aprel oyida Ukraina Oliy radasi Rossiya harbiy texnikalarini ixtiyoriy tarzda topshirish uchun mukofotlar tartibi to‘g‘risida qonunni tasdiqlagandi. Unga ko‘ra, Ukraina armiyasiga ruslarning bitta tankini topshirgan odam 100 ming dollar, bitta samolyot olib kelgan odam esa 1 million dollar bilan mukofotlanishi aytilgan.









