Samarqandda bir mas’ulning qarori bilan boshlangan qurilish u boshqa lavozimga o‘tganidan keyin chiqargan yangi qarori bilan to‘xtatib qo‘yildi. Natijada uch yuzdan ortiq fuqaroning yangi uyi foydalanishga topshirilmayapti.

Bu haqda Kun.uz'ga murojaat qilganlar ularni hech kim eshitmayotgani, shartnoma shartlari esa muttasil buzib kelinayotganidan norozi.

“Kapital Qurilish Direksiyasi” davlat korxonasi 2020 yilda Samarqand shahri Qorasuv massividagi beshta ko‘p qavatli uy, jami 364 ta xonadon qurilishini zimmasiga oladi. Uylar subsidiya asosida qurilayotgani va eng asosiysi, qurilish qilayotgan kompaniya davlat korxonasi ekanini inobatga olgan fuqarolar tez orada sifatli uylarga ko‘chib kirishiga ishonadi. “DK”ga urg‘u berayotganimiz sababi, odatda bunday loyihalarni biror xususiy korxona zimmasiga olsa-yu, oyog‘ini osmondan qilsa, bu tashkilotni ko‘chadagi daydi it ham bir qopib olgisi keladi.

Xullas, bizga murojaat qilganlarning aksariyati “Kapital Qurilish Direksiyasi”ning aynan davlat korxonasi ekaniga ko‘proq e’tibor berishganini yashirmadi.

To‘lov qilingan pullar oson topilmagan, uydan esa darak yo‘q

Oqdaryolik Nigora Mirzayeva uch nafar o‘g‘li Rossiyada ishlayotganini aytadi. U qishloqda uy qurishga sharoit bo‘lmagani uchun Qorasuv massivida qurilishi boshlangan ushbu uylarga ariza topshirgan. Ayol katta o‘g‘lini uylantirib, yoshlarni aynan shu uyga olib kelmoqchi bo‘lgan.

Qurilish kechikyapti, boshidan to‘langan 143 million so‘mni qaytarib olishning ham imkoni yo‘q, chunki inflatsiya hisobiga endi u boshqa uyga to‘lov qilgan taqdirda ham yutqazadi.

Iskandar Salimov ham kuyib qolganlardan. U “Kapital Qurilish Direksiyasi” mas’ullari bilan bir necha marta telefon orqali bog‘lanib, uchrashib ham biror natijaga erishib bo‘lmayotganini aytdi. Samarqand shahar hokimligi qurilish bo‘limidagilardan ham tayinli javob ololmayapti.

“200 million so‘m to‘lov qilganman. Ochig‘i, bu pulni oson topmaganman, eshshakday ishlab, o‘risning mehnatini qilganman. Ana quriladi, mana quriladi bilan ham olti oy o‘tib ketdi. Har safar shu yolg‘onni eshitamiz. Holatdan viloyat, shahar hokimligi, prokuratura to‘liq xabardor, lekin ishda siljish bo‘lmayapti”, – deydi Salimov.