Jahon | 11:36 / 29.07.2022
25725
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvada hostelda yong‘in oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi. Ularning barchasi mehnat muhojirlari bo‘lgan

Tunda Almati ko‘chasidagi 16 qavatli uyning birinchi qavatida yong‘in chiqqan. Barcha qurbonlar migrantlar bo‘lgan. Ular deraza panjaralari tufayli xonadan chiqa olishmagan. Hostelda yong‘in elektr tarmog‘i avariya holatida bo‘lganligi tufayli kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Foto: RIA Novosti

28 iyul kuni kechqurun Moskva shahrining Almati ko‘chasidagi hostelda yong‘in sodir bo‘ldi. «Interfaks» FVVga asoslanib xabar berishicha, sakkiz kishi halok bo‘lgan, yana to‘rt kishi jabrlangan. Jarohatlanganlar shifoxonaga yotqizilgan va zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

TASS nashri xabariga ko‘ra, yong‘in haqidagi ma’lumot favqulodda xizmatlarga mahalliy vaqt bilan soat 23:47 da kelib tushgan. Soat 00:47 da yong‘in o‘chirilgan. Yong‘in maydoni 150 kvadrat metrni tashkil etgan. RIA Novosti nashrining yozishicha, dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, yong‘in elektr tarmog‘i nosoz holatda bo‘lgani sababli kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.

FVV ma’lumotiga ko‘ra, hostelda yong‘in signalizatsiyasi ishlamagan, derazalarga o‘rnatilgan panjaralar odamlarni qutqarishga xalal bergan. TASS manbasi aniqlik kiritishicha, qurbonlarning barchasi bir xonada bo‘lgan va is gazidan zaharlanib vafot etgan. Yong‘in vaqtida ular uyquda bo‘lgani istisno etilmayapti.

«Kommersant» ma’lumotiga ko‘ra, hostelda asosan ishchilar va yaqin masofadagi «Moskva» savdo-yarmarka majmuasi (Lyublino rayoni) hamda «Sadovod» bozorida (Kapotneda) ishlagan sotuvchilar yashagan. TASS manbasiga ko‘ra, qurbonlarning barchasi mehnat muhojirlari bo‘lgan. Ayni vaqtda ularning fuqaroligini aniqlash ishlari olib borilmoqda.

MOSCOW REGION PUBLIC PROSECUTOR'S OFFICE

Hodisa yuzasidan xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. FVV ma’lum qilishicha, avvalroq hostelda bir necha bor yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilishi holatlari aniqlangan, hostel rahbariyatiga qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid