Hozircha Ukraina rasmiylari bunday farmon haqiqatan ham borligi yoki kimningdir uydirmasi ekani to‘g‘risida izoh berishmadi.

Xalqaro Karnegi jamg‘armasi muallifi Konstantin Skorkinning fikriga ko‘ra, sodir bo‘layotgan voqealar Ukraina hokimiyatining eng yuqori bo‘g‘inida yashirin kurash boshlanganidan dalolat bermoqda.

2019 yilda Zelenskiy Kolomoyskiyning odami sifatida hisoblanardi, ammo hozir prezident izchillik bilan Ukraina siyosatini oligarxlar ta’siridan xalos qilib, shaxsiy hokimiyatini oshirmoqda.

Vlasenko tomonidan e’lon qilingan farmondagi fuqarolikdan mahrum qilish uchun nomzodlar ro‘yxatida faqat uchta nom e’tiborni tortadi.

Birinchisi, xalq deputati Vadim Rabinovich. U Viktor Medvedchukning safdoshi va sud qarori bilan taqiqlangan rossiyaparast «Muxolifat platformasi – hayot uchun» partiyasi raislaridan biri. Urush arafasida Isroilga jo‘nab ketgan. Uning fuqarolikdan mahrum etilishini Rossiya ta’siridagi muxolifatning «yakson qilinishi» sifatida ko‘rish mumkin.

Ikkinchisi, dneprlik nufuzli tadbirkor Gennadiy Korban. U Rabinovichdan farqli o‘laroq, mamlakatda qolib, Dnepropetrovsk oblastining hududiy mudofaasini boshqargandi. U Zelenskiy apparati rahbari Andrey Yermakga axborot hujumlari uyushtirganlikda gumon qilinmoqda va prezident idorasi bilan munosabatlari murakkablashgan. Ukraina jurnalistlarining taxminiga ko‘ra, Korbanning qora ro‘yxatga tushishiga AQSh Kongressi a’zosi Viktoriya Sparts tomonidan Yermakning Rossiya bilan aloqasi borlikda gumonlangani sabab bo‘lgan.

Ro‘yxatdagi uchinchi va asosiy shaxs: taniqli ukrainalik oligarx Igor Kolomoyskiy (Korban ham uning hamkori bo‘lgan). Bu voqealar aynan uning uchun uyushtirilgandek tuyulmoqda.

Urush boshlanganidan keyin Kolomoyskiy bilan nima sodir bo‘ldi?

Rossiya bosqini boshlangach, oligarx o‘zini panaga oldi. 2014 yilgi inqiroz davrida Igor Kolomoyskiy Dnepropetrovsk oblastini boshqargan va ko‘ngilli batalonlarga homiylik qilgan, buning natijasida rossiyaparast kuchlarining Donbassdagi harakatini to‘xtatishga va kengayib borishining oldini olishga erishilgandi. Hozirgi rus bosqini boshlanganidan buyon u hech qanday ommaviy bayonotlar bermadi. Uning sobiq safdoshlari, masalan Dnepr meri Boris Filatov oligarx pozitsiyasiga juda salbiy munosabatda bo‘lishdi. «Igor Valerevichga (Kolomoyskiy) kelsak, bu odamning qayerdaligini bilmayman. U qayerdadir yugurmoqda. Go‘yo shaharda bordek yoki yo‘qdek», dedi Filatov. Mamlakat mudofaasiga xayriya qilgan yirik tadbirkorlar ro‘yxatida Kolomoyskiy yo‘q.