AEXA rahbari: Zaporojye AESdagi vaziyat o‘ta beqaror
AEXA bosh direktori Rafael Grossi rus qo‘shinlarining stansiya xodimlariga qanday munosabatda bo‘layotgani haqidagi xabarlardan xavotirda. U BMT bosh kotibi bilan ZAESga missiya tashkil etish haqida gaplashadi.
Rossiya harbiylarining Zaporojye AES (ZAES)da bo‘lishi davom etishi va ularning stansiyaga texnik xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga nisbatan noto‘g‘ri munosabatda bo‘layotgani haqidagi shikoyatlar o‘ta beqaror vaziyatga olib kelmoqda, dedi Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) bosh direktori Rafael Grossi 29 iyul, juma kuni DW nashriga bergan intervyusida.
AEXA rahbarining so‘zlariga ko‘ra, jangovar harakatlar paytida Yevropadagi eng yirik AESning egallab olinishi va xizmat xodimlarining o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llangani haqidagi keyingi xabarlari - «barcha xavfsizlik qoidalarini buzish yig‘indisidir». Rossiya qo‘shinlari stansiyani mart oyi boshida egallab olgan va o‘shandan beri AESga vaziyat barqarorligiga ishonch hosil qiladigan birorta ham xalqaro kuzatuv guruhi bormadi. Qo‘lga olish chog‘ida Rossiya armiyasi stansiyani artilleriyadan o‘qqa tutdi, keyinroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bunga alohida e’tibor qaratdi. Bu faktlarning barchasi AESdagi vaziyat «beqaror» ekanidan dalolat beradi, deb hisoblaydi agentlik direktori.
Grossi nafaqat xodimlarga yomon munosabatda bo‘lish, balki rus qo‘shinlari stansiyaga o‘rnatgan portlovchi moddalar haqidagi xabarlarni tekshirish uchun ZAESga AEXA missiyasini tashkil etishga harakat qildi. Shunga o‘xshash xabarlar Chernobil AES rus qo‘shinlari tomonidan egallab olingan paytda ham tarqaldi va okkupatsion qo‘shinlar stansiyadan chekinganda tasdiqlandi.
Biroq, Rossiyaning ZAESga «muayyan sharoitlarda» tashrif buyurishga ruxsat berganiga qaramay, AEXA direktori hozirgi sharoitda bunday safarni tashkil etish qiyin deb hisoblaydi. Sababi, stansiya o‘qqa tutilishi davom etayotgan urush zonasida joylashgan bo‘lib, missiya nafaqat BMT, balki Ukraina tomonidan ham nazorat qilinishi kerak, chunki Grossi mamlakatni «AESning yagona qonuniy egasi» deb biladi.
Shunga qaramay, AEXA rahbari missiyaning stansiya hududiga tezkor safari amalga oshishini xohlamoqda va bu borada BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan muzokaralar olib boradi.
Grossining fikricha, RF tomonidan Ukrainada boshlangan urush va Rossiyadan Yevropa ittifoqiga gaz yetkazib berishdagi cheklovlar odamlarni atom energetikasiga ko‘proq e’tibor qaratishga majbur qildi - agar ilgari u an’anaviy yonilg‘iga «yashil» muqobil deb hisoblagan bo‘lsa, endi Rossiya harakatlari mamlakatlarning energetik mustaqilligini dolzarb masalaga aylantirdi.
Misol tariqasida, Grossi Germaniyani keltirdi, u yerda rasmiylar 2022 yil oxirigacha mamlakatdagi so‘nggi uchta AESni o‘chirib qo‘ymoqchi edi, lekin Ukrainadagi urush va Rossiya gazi bilan bog‘liq muammolar fonida, «ko‘pchilik qolgan yadroviy infratuzilmadan foydalanishni nega davom ettirish kerak emasligini» so‘ragan.
Grossining fikricha, yaqin kelajakda ko‘proq davlatlar shu kabi savollarni bera boshlaydi. Bundan tashqari, AES atmosferani karbonat angidrid bilan ifloslantirish muammosini hal qilishda yordam berishi mumkin, chunki stansiyalar ishlaganda u deyarli chiqarilmaydi.
«Atom energetikasi sanoati - bu har bir so‘nggi gramm chiqindi qayerga tushishi haqida aniq tasavvurga ega bo‘ladigan sanoatdir. Bu - nazorat va boshqaruvni o‘rnatish mumkin bo‘lgan sanoat», deydi Grossi.
Bundan tashqari, AEXA rahbari yadroviy chiqindilarning sizib chiqishi va an’anaviy energetikada qo‘llaniladigan foydali qazilmalarni qazib olish tabiatga qanday ta’sir ko‘rsatishi bilan bog‘liq masalalarni solishtirib bo‘lmaydi deb hisoblaydi.
Shunga qaramay, Germaniya hukumati 2022 yil boshida uning ishlab chiqarilishi atrof-muhit uchun xavfli bo‘lgan jiddiy avariyalar xavfi bilan bog‘liq deb hisoblab, yadro energiyasini «yashil» deb tan olishdan bosh tortdi. Buning o‘rniga, Germaniya hukumati tabiiy gazni yashil energiya yo‘lidagi oraliq texnologiya deb hisoblaydi.
Mavzuga oid
11:40 / 19.10.2024
Yaponiyada birinchi marta 50 yildan ortiq ishlayotgan AES reaktori faoliyatiga ruxsat berildi
20:20 / 16.10.2024
AES direksiyasi rahbari: Ishlatilgan yadro yoqilg‘isi Rossiyaga olib ketiladi
15:00 / 14.10.2024
Fransiya radioaktiv chiqindilarni qozon va vilkalarga aylantirishni rejalashtirmoqda
20:57 / 08.10.2024