BBC korrespondenti Endryu Harding Donbassdagi front chizig‘ida bo‘lib, ukrain harbiylari va ularga ta’lim berayotgan xorijlik instruktorlar bilan suhbatlashdi.
Bir necha haftadan beri Rossiya tomonidan tinimsiz bombardimon qilinayotgan, deyarli tashlandiq holatga kelgan Baxmut shaharchasidan shimoldagi tepalik ustida tutun ustunlari moviy osmonga ko‘tariladi.
«Bu yashash emas. Xavfsiz joyning o‘zi yo‘q. Men chin dildan umrim tugashini istayman», deya nola qiladi 86 yoshli Anna Ivanova. U hassasiga tayangan holda begona o‘tlarni yulish uchun polizdagi jo‘yakka egiladi.
Ukrain samolyotlari deyarli bosh ustidan guvullab uchib o‘tayotgandek tuyuladi. O‘n daqiqa o‘tib uzoqlardan gumburlash ovozlari eshitiladi.

Sharqiy Donbassdagi egri-bugri front chizig‘i yonidan o‘tuvchi har bir kishi uchun - shimoldagi vayronaga aylanayozgan Slovyanskdan janubda Donetsk atrofidagi tashlandiq holatga tushgan fermerlar qishloqlarigacha - rossiyaliklar tartibsiz ravishda bo‘lsa-da, avvalgi kabi jazavaga tushib o‘t ochishda davom etayotgandek tuyulishi mumkin.
Ammo Donetsk yaqinidagi bug‘doy dalasi burchagida joylashgan ukrainlar artilleriya bo‘linmasi komandiri Dmitro (u faqat ismini yozishni so‘ragan) bundayligini qat’iy rad etadi.
«Ular tez-tez otishayotgani yo‘q. [Rossiya qo‘shinlari tomonidan] artilleriya zarbalari sur’ati ikki barobar pasaydi. Balki undan ham ko‘proqqadir, balki uchdan ikki qismigadir», deydi u yonidagi katta yashil rangli avtomobil chetiga urib qo‘yib.
Bu yashil mashina - fransuzlar tomonidan ishlab chiqarilgan, ulkan stvoli rossiyalik harbiylar egallagan tomonga qaratilgan «Tsezar» rusumli o‘ziyurar artilleriya qurilmasidir.
Bu endilikda Donbassning qishloq yo‘llari bilan harakatlanayotganiga tez-tez ko‘z tushish mumkin bo‘lgan G‘arbning ko‘plab og‘ir qurollaridan biridir. Bu yerdagi ko‘plar qatori Dmitro ham shunday qurollar urushning borishini o‘zgartirishga yordam berdi, deb hisoblaydi.


















