AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi 2 avgust kuni mahalliy vaqt bilan kechqurun (Toshkent vaqti bilan 18:45) Tayvanga qo‘ndi. Uning tashrifi so‘nggi kunlarda jahon yangilik saytlarining asosiy mavzusiga aylandi, orolni de-fakto o‘z hududi deb hisoblaydigan Xitoy va Amerika munosabatlari keskinlashdi.
Amerikaliklar delegatsiyasi samolyoti Taybeyga qo‘nishiga bir necha soat qolganida samolyotlar harakatini kuzatib boruvchi FlightRadar24 saytida uzilishlar kuzatila boshladi; kompaniyadagilar buni ushbu reysga haddan tashqari yuqori qiziqish bilan izohladi, keyinroq ma’lum bo‘lishicha, samolyot yo‘nalishini bir vaqtning o‘zida 700 mingdan ortiq kishi kuzatib borgan.
Tayvanda 500 metrli «Taybey 101» osmono‘par binosida amerikaliklar delegatsiyasi tashrifi arafasida «Speaker Pelosi, Welcome to TW» va «TW ❤️US» yozuvlari aks etdi.
Samolyot qo‘ngach Pelosining ofisi rasmiy bayonot berdi, unda Kongress delegatsiyasi tashrifi Amerikaning Tayvan demokratiyasini «qo‘llab-quvvatlashda ikkilanmasligi» hamda bu tashrif Amerikaning Xitoy bo‘yicha siyosatiga «hech qanaqasiga zid emasligi» keltirilgan.

Taybeydagi aeroportda Pelosi xonimni Tayvan tashqi ishlar vaziri Jozef U kutib oldi, shundan keyin u mahalliy parlamentga yo‘l oldi. U Tayvan parlamentidagi chiqishida Tayvan jamoatchiligini «dunyodagi eng erkinlaridan biri» deb atadi. U xavfsizlik va iqtisodiyot masalalari muhokamasi uchun Tayvan bilan parlamentlararo aloqalarni kengaytirishga chaqirdi.
Parlamentda Pelosi xonimni spiker o‘rinbosari Say Sichan qabul qildi va uni «Tayvan xalqining katta do‘sti» deb atadi. Uning delegatsiyasi tashrifi «demokratiya va erkinlik qadriyatlari himoyasi»dan guvohlik berishi ta’kidlandi. Spikerning o‘zi Yu Sikun koronavirus tufayli karantinda.
Parlamentga tashrifdan keyin Pelosi Tayvan prezidenti Say Inven bilan uchrashish uchun yo‘l oldi. U Tayvan ma’muriyati rahbariga AQSh delegatsiyasi orolga uni qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini tasdiqlash uchun kelganini aytdi. Say Inven esa Vakillar palatasi spikeriga Tayvanni qo‘llab-quvvatlov uchun minnatorchilik bildirdi, «Tayvan harbiy tahdidlar qarshisida chekinmasligi»ga va’da berdi va unga hukumat ishonch yorlig‘ini topshirdi.
Chorshanba kuni amerikalik mulozim Tayvan jamoatchiligi vakillari guruhi bilan uchrashadi. Uchrashuv Nyu-Taybeydagi Inson huquqlari milliy muzeyida o‘tkaziladi.










