Amaldagi Konstitutsiyamizning muqaddima qismida “huquqiy davlat barpo etishni ko‘zlab” konstitutsiya qabul qilinganligi keltirib o‘tilgan bo‘lsa, 2022 yil 25 iyunda e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida “O‘zbekiston – huquqiy davlat” degan konseptual norma taklif qilinmoqda. E’tiborimni tortgan jihatlardan biri, loyihada “huquqiy davlat” g‘oyasining mazmuni boshqa normalarda yanada rivojlantirilgan. Xususan, eng muhim masalalardan biri “hokimiyatlar vakolatlari bo‘linishi prinsipi”ning Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi va uning amal qilinishini olaylik.

Konstitutsiyaning 11-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi — hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi”. Amalda qanday? Konstitutsiyamizda ushbu qoidadan kelib chiqib, Markaziy davlat organlari kesimida (qonun chiqaruvchi – Oliy Majlis, ijro etuvchi – Vazirlar Mahkamasi, sud tizimi – Oliy sud) hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi mexanizmi mustahkamlangan.

Mahalliy darajada hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini amalga oshirish yoki boshqacha aytganda ijro va vakillik organi rahbarligini alohida mustaqil shaxslarga topshirish masalasi uzoq yillardan buyon ilmiy hamjamiyatning ham, keng jamoatchilikning ham muhokama mavzusi bo‘lib keldi. Aniqroq qilib aytganda, Konstitutsiya qabul qilingandan buyon ushbu masala aktual bo‘lib kelmoqda.

2017 yildan boshlab ushbu masalaga, jiddiy yondashgan holda, bosqichma-bosqich turli o‘zgartishlar amalga oshirib kelindi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak:

Birinchidan, 2017 yilgacha shaharga bo‘ysunuvchi tumanlarda kengashlar mavjud bo‘lmagan bo‘lsa, 2017 yil 29 avgustda Konstitutsiyaning 99-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Toshkent shahri tumanlarida ham Kengashlar ish boshladi. Ilk marotaba 2017 yilda Toshkent shahar tuman Kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi.

Ikkinchidan, “Kengash nazorati” instituti kuchaytirildi. 2017 yil 14 sentabrdagi O‘RQ-446-sonli Qonuniga asosan, ijro organlari rahbarlari, shu jumladan, sog‘liqni saqlash, adliya, ichki ishlar organlari rahbarlari va prokurorning belgilangan muddatlarda Kengashlar oldida hisobot va axborot berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.