Moskva oblastidagi Ozon omborida kuchli yong‘in sodir bo‘ldi
Moskva oblastining Istra tumanida Ozon omboridagi yong‘in 10 soatdan keyin o‘chirildi. Bir kishi halok bo‘lgani va 13 kishi jarohatlangani haqida xabar berilgan.
Moskva oblastida 3 avgust, chorshanba kuni Istra tumanidagi Petrovskoye qishlog‘ida joylashgan Ozon internet-do‘konining omborida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in maydoni 55 ming kvadrat metrni tashkil etdi. Yong‘in oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, yana 13 kishi jarohat oldi, deb xabar bermoqda TASS va RIA «Novosti».
Rossiya FVV ma’lumotlariga ko‘ra, Ozon omboridagi yong‘in haqida xabar tezkor idoralarga soat 12:33 da kelib tushgan, dastlab yong‘in maydoni 20 ming kvadrat metrni tashkil etgan. Soat 21:17 da yong‘in o‘chirilgan. Uni o‘chirishga 150 dan ortiq o‘t o‘chiruvchi va 40 ga yaqin texnika, jumladan, Mi-8 va Ka-32 vertolyotlari, shuningdek, yong‘inni o‘chirish poyezdi jalb etilgan, deb xabar beradi idora o‘z Telegram-kanalida.
Omborning mingdan ortiq xodimi binolardan evakuatsiya qilindi. Istra shahar okrugi rahbari Tatyana Vitushevaning so‘zlariga ko‘ra, yong‘inga uchinchi murakkablik darajasi berilgan.
Yong‘inning asosiy versiyalari sifatida o‘t qo‘yish va elektr jihozlarining nosozligi ko‘rib chiqilmoqda, dedi RIA «Novosti»ga favqulodda xizmatlar vakili. Tezkor xizmatlardagi TASS manbasiga ko‘ra, yong‘in elektr tarmog‘ining favqulodda ishlashi, xususan, uskunadagi qisqa tutashuv tufayli yuzaga kelgan, biroq o‘t qo‘yish versiyasi ham istisno etilmagan.
Moskva oblasti prokuraturasi yong‘in bo‘yicha tergov boshlanganini, uning davomida «voqea sabablari va sharoitlari, shuningdek, mas’ul shaxslarning harakatlariga baho berilishi» haqida xabar qildi.
Ozon ombori va u yerda saqlanayotgan tovarlar 17 milliard rubl miqdorida sug‘urta qilingan bo‘lsa, shundan 11 milliard rublga ombor ichidagi narsalar sug‘urta qilingan.
«Shubhasiz, bu so‘nggi vaqtlardagi eng katta yo‘qotishlardan biri, umumiy zarar, hatto dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 10 milliard rubldan ortiqni tashkil qilishi mumkin, kompaniyalar allaqachon mijozlarni baholashni va ular bilan ishlashni boshladilar», - deya jurnalistlarga ma’lum qildi Butunrossiya sug‘urtachilar ittifoqi rahbari Igor Yurgens.
Mavzuga oid
15:47 / 10.11.2024
Moskva oblastiga dronlar hujum qildi
15:28 / 29.09.2024
Bir jinoyat tarixi: qizi uchun o‘ch olgan militsiya zobiti
19:42 / 12.07.2024
Moskva ostonasida Sukhoi Superjet samolyoti halokatga uchradi
12:38 / 03.04.2024