Ukrainalik general Skibitskiy nimalar degandi o‘zi?
Rossiya mudofaa vazirligi rasmiy vakili bo‘lmish general Igor Konashenkov Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Vadim Sikibitskiyning Telegraph nashriga bergan intervyusiga e’tibor qaratgan.
Maqolada asosan Ukraina razvedkachilari G‘arb qurollari kelishi bo‘yicha ma’lumotlar chiqib ketishining oldini olayotgani, agentlarni aniqlash jarayoni haqida so‘z boradi. Maqola o‘rtasida shunday savol o‘rtaga tashlanadi: AQSh taqdim etayotgan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari ruslarning qurol-yarog‘ va yonilg‘i omborlariga, Ukraina sharqidagi shtablariga aniq zarba bermoqdami?
«Bu borada onlayn rejimda olinayotgan ma’lumotlardan ham foydalanamiz», degan ukrainalik general. Bu savolga javob berar ekan, general Skibitskiy AQSh nishonlar bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’lumot bermayotgani, bu ularning urushda bevosita ishtirok etmaslik to‘g‘risidagi bayonotiga zid bo‘lib qolishini aytib aniqlik kiritgan.
Ukrainalik generalning so‘zlaridan kelib chiqqan holda Britaniya nashri shunday xulosa qiladi: Ukraina razvedkasi raketa zarbalari oldidan amerikalik hamkasblari bilan maslahatlashuv o‘tkazishi mumkin, AQSh qaysidir nishonga beriladigan zarbani to‘xtatib qolishi uchun.
«Men Britaniya yoki AQSh sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalanamizmi yoki yo‘qligini ayta olmayman, lekin bizda sun’iy yo‘ldoshdan olingan juda yaxshi suratlar bor», degan ukrainalik general.
Bu intervyudan rossiyalik general qanday xulosa qilgan?
Rossiya mudofaa vazirligi rasmiy vakili general Konashenkov bu intervyuga asoslangan holda Rossiya endilikda AQShni mojaroning bevosita ishtirokchisi deb hisoblashini aytgan. Uning iddao qilishicha, go‘yoki ukrainalik general HIMARS orqali berilayotgan zarbalarni Ukraina tomoni AQSh bilan kelishib amalga oshirishini aytgan.
Ammo general Skibitskiy suhbat davomida bunday kelishuv borligini aytmagan, aksincha AQSh HIMARS zarba berishi uchun nishonlar haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’lumot bermasligini ta’kidlagandi.
«Rossiya mudofaa vazirligi ukrainalik general Skibitskiyning HIMARS orqali berilayotgan har bir zarba Vashington bilan kelishib amalga oshirilayotganini qayd etdi va kelajakdagi harakatlarda bunga e’tibor qaratadi», deya Konashenkovning so‘zlarini keltirgan «Interfaks».
«Bundan kelib chiqadiki, Vashington Oq uy va Pentagonning bayonotlariga zid o‘laroq Ukrainadagi mojaroga bevosita aloqador ekanini ko‘rsatadi», deya xulosa qilgan Konashenkov. Uning iddao qilishicha, Jo Bayden ma’muriyati Donbassdagi aholi yashash kvartallariga berilayotgan zarbalar uchun bevosita javobgar.


















