“Soliq tekshiruvlarida soliqchilarning vakolatlarini qisqartirish ustida ishlayapmiz” - Sherzod Qudbiyev
Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev soliq ma’murchiligidagi keyingi rejalar haqida gapirdi. “Tadbirkorlarimizga yaxshi xushxabarlar bo‘ladi”, - dedi u.
Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev M-Faktor’ga bergan intervyusida yaqin kunlarda soliq ma’murchiligida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi va Qo‘mita qanday masalalar ustida ishlayotgani haqida gapirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘mita tekshirishlarda soliq organlari xodimlarining vakolatlari va tekshirish muddatlarini qisqartirish takliflarini ko‘rib chiqmoqda.
“Tadbirkorlarimiz, butun xalqimiz ko‘radi, ma’murchilik va soliq nuqtayi nazaridan juda katta o‘zgarishlar oldimizda turibdi. Tadbirkorlarimizga yangiliklar va yaxshi xushxabarlarimiz bo‘ladi. Soliq organlarining vazifasi ko‘paymoqda. Hozir ularning vazifasini aytish to‘g‘ri kelmasa kerak. Lekin hozir tekshirishlarda soliq organlari xodimlarining vakolatlari va tekshirish muddatlarini qisqartirish takliflarini ko‘ryapmiz”, - dedi u.
DSQ raisining aytishicha, asosiy kutilayotgan narsalardan yana biri raqamlashtirish davom ettirilishidir.
“Ikkinchi katta masala: bozorda teng muhitni yaratish nuqtayi nazaridan ishimizni faollashtirishimiz kerak. Ko‘p tadbirkorlar norozi bundan, lekin aksar tadbirkorlar teng muhit tarafdori. Biz soliqdan qochish hisobiga hech kim ustunlikka ega bo‘lmasligi jihatidan ishimizni davom ettiramiz. Bozordagi raqobat muhitini barchaga teng qilish jihatidan ishimizni jadallashtirishimiz kerak”, - ta’kidladi u.
Qudbiyev imtiyozlarni qisqartirish bo‘yicha ishlanayotgani, individual xarakterga ega bo‘lgan imtiyozlarni qisqartirish bo‘yicha topshiriq ham borligini aytdi. Qo‘mita bu bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirmoqda.
Avvalroq, Soliq kodeksidan tashqaridagi qoidalar asosida 6 oyda 2,1 trln so‘m soliq imtiyozi berilgani ma’lum qilingandi.
2021 yilda individual xususiyatga ega bo‘lgan 15 ta hujjat bo‘yicha jami 316,2 mlrd so‘mlik, 2022 yil dastlabki 6 oyi davomida esa 10 ta hujjat bo‘yicha jami 144,8 mlrd so‘mlik soliq imtiyozi qo‘llanilgan.
Mavzuga oid
23:23 / 30.12.2022
Qudbiyev iqtisodiyot va moliya vaziri lavozimini egalladi
18:25 / 28.12.2022
Qudbiyev o‘zini o‘zi band qilganlarga kassa-apparat o‘rnatish talabi qo‘yilganiga izoh berdi
19:50 / 19.09.2022
Turizm bo‘yicha videoselektorda 2 vazirlik va 2 qo‘mita rahbarlari qat’iy ogohlantirildi
13:24 / 05.09.2022