Taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi 1992 yildan boshlab jahon musobaqalarida qatnasha boshlagan. Shu vaqtgacha ko‘plab g‘alabalar qo‘lga kiritilgan, ammo hech bir o‘zbek qizi jahon chempioni bo‘lmagan edi.
2022 yil 28-31 iyul kunlari Bolgariyaning poytaxti Sofiya shahrida taekvondoning WT bo‘yicha kadetlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida 14 yoshli Laylo Hasanova oltin medal sohibasiga aylandi. Boz ustiga, u musobaqaning “Eng yaxshi taekvondochi qizi” deb ham topildi.
Kun.uz yaqindagina musobaqadan qaytib kelgan Laylo va uning murabbiylari – Rixsitilla Sobirov hamda Muhammadma’sum Nazaraliyev bilan suhbatlashdi.

“Qo‘rqdim, lekin ishonch bildirishdimi, endi harakat qilishim kerakligini tushundim”
Toshkentlik sportchi musobaqa taassurotlari haqida shunday deydi:
— 4 yoshligimda televizorda taekvondochilarni ko‘rib, ularning kiyimiga qiziqib qolganman. Keyinchalik oyimga shu sport bilan shug‘ullanmoqchiligimni aytganman va shu bilan maktabimizda ochilgan to‘garakka borishni boshlaganman. Qarasam, mashg‘ulotdagilarning barchasi chiroyli shug‘ullanishyapti, tepishyapti. Buni ko‘rib, men ham qiziqib ketganman.
Jahon chempionati bo‘lishini, u yerga faqat yaxshi tayyorlanganlar borishini terma jamoamiz bosh murabbiyi Sobir aka Nazaraliyev aytdilar. Keyin hamma sportchilar shug‘ullanishga kirishib ketdik. Saralash jarayonlari boshlandi, bunga boshqa viloyatlardan ham bir qancha sportchilar kelishdi. Orada murabbiylarimiz bizni pishitishdi.
Jahon chempionatiga 1 oycha vaqt qolganida, ro‘yxat e’lon qilindi. Qarasam, mening ham ismim bor ekan, juda xursand bo‘lib ketdim. To‘g‘risi, juda orzu qilardim, jahon chempionatiga chiqishni, lekin rostdan ham chiqishimga ishonmasdim.
Boshida musobaqaga tushmasam-chi, meni tanlashmasa ham mayli, degan fikr ham o‘tdi. Keyin yo‘q, shuncha ishonch bildirishdimi, endi harakat qilishim kerakligini tushundim. Lekin yutqazib qo‘yishdan qo‘rqqandim.
Bolgariyaga borib qo‘nganimizdan keyin, 4 kun musobaqa bo‘ldi. Birinchi kuni boshqa 5 nafar sportchilarimiz tushdi, o‘sha kunning o‘zida medallar olib, o‘zlarini ko‘rsata olishdi. Men shuning ertasiga tushdim. O‘zi birinchi kundagilarni ko‘rib, hayajonlanib bo‘lgandim. Maydonga chiqib, hakamni ko‘rganimdan keyin sal bosildim. Shundan so‘ng birinchi raundda yutdim, ancha xursand bo‘ldim.
















