O‘zbekiston | 13:50 / 23.07.2022
14420
3 daqiqa o‘qiladi

Kirish imtihonlarida ilk marta: chet tilidan ijodiy sinovlar qanday o‘tmoqda?

23 iyuldan 6ta OTMga kirish uchun chet tillaridan ijodiy imtihonlar boshlandi. O‘zbekistonda bunday turdagi sinov ilk marta o‘tkazilmoqda. 13 ming abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, ularning 4 mingtasida chet tilini bilish sertifikati bor, qolgan abituriyentlar imtihon topshirishadi. Kun.uz jarayon bilan tanishish uchun Davlat test markazida bo‘ldi.

23 iyul kuni barcha hududlarda chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.

Ijodiy imtihonlar ikki bosqichda o‘tkaziladi. 23-25 iyul kunlari tinglab tushunish, o‘qish, yozish bo‘yicha sinovlar yozma shaklda tashkil etilmoqda. Gapirish ko‘nikmasini baholash imtihonlari esa 24-26 iyul kunlari elektron tarzda o‘tkaziladi.

Ijodiy imtihonlar barcha hududlarda – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda o‘tkazilmoqda. Yozma imtihonlar 2 smenada bo‘lib o‘tyapti.

Kun.uz jarayonni yoritish uchun Davlat test markazida bo‘ldi. Markazda abituriyentlarga yetarli sharoitlar yaratilgan, imtihon xonalari zarur jihozlar bilan ta’minlangan.

Vazirlar Mahkamasining 34-son qaroriga asosan, joriy yildan boshlab 6ta OTMga kirishda chet tilidan kasbiy-ijodiy imtihonlar o‘tkazilmoqda. Bular: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Samarqand davlat chet tillari universitetining chet tili birinchi fan bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlariga, shuningdek, Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Nukus davlat pedagogika universitetlarining filologlarni tayyorlovchi yo‘nalishlari.

DTM bosh mutaxassisi Jamshid Odilovga ko‘ra, yuqoridagi ta’lim yo‘nalishlariga 13 mingdan ziyod abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan, 4 mingdan ortig‘ida chet tilidan milliy yoki xalqaro sertifikatlari bor.

“Chet tilidan sertifikati bo‘lgan abituriyentlar ijodiy imtihonlarda ishtirok etmaydi va ularga chet tilidan maksimal ball beriladi. Qolgan 8,5 ming abituriyent sinovda qatnashadi. 23 iyul kuni DTMda arab, turk, hind va fors tilidan imtihonlar o‘tkazilmoqda. Barcha tillar bo‘yicha imtihonlar belgilangan kunlarda o‘tkaziladi”, – deydi u.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz bu yilgi kirish imtihonlari borasida Davlat test markazi direktori Sardor Rajabov bilan intervyu tashkil qilgandi. Unda DTM mas’uli aynan chet tilidan imtihonlar o‘tkazish tartibi, korrupsion holatlar oldini olish uchun abituriyentlarni baholash mezonlari haqida gapirib bergandi.

Mavzuga oid