UYeFA «Fenerbahche»ni «Putin» deb hayqirgan fanatlari uchun 50 ming yevro jarimaga tortdi
Istanbulda Kiyevning «Dinamo» klubiga qarshi o‘yinda turk klubi muxlislari Rossiya prezidenti nomini aytib baqira boshlagan, buning uchun UYeFA «Fenerbahche»ni jarimaga tortdi.
Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UYeFA) Turkiyaning «Fenerbahche» klubini «Dinamo» Kiyevga qarshi o‘yin vaqtida muxlislar maydonga buyumlar uloqtirgani va «provokatsion, haqoratomuz xabarlar» hayqirgani uchun 50 ming yevro jarimaga tortdi, deb xabar bermoqda UYeFA sayti 5 avgust, juma kuni.
Qaror 27 iyul kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan Chempionlar ligasi 2-saralash bosqichi doirasidagi «Fenerbahche» – «Dinamo» Kiyev uchrashuvidan so‘ng boshlangan intizomiy tekshiruv natijasiga ko‘ra qabul qilindi. O‘shanda turk jamoasi muxlislari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ismi va familiyasini aytib, bir necha bor hayqirishdi. Bu Ukraina jamoasi uchrashuvda hisobni ochganidan keyin sodir bo‘ldi.
UYeFA intizomiy tekshiruvdan so‘ng «Fenerbahche»ga rasmiy ogohlantirish berib, jamoani jarimaga tortish va UYeFA shafeligidagi navbatdagi o‘yin uchun turk klubi uy stadioni tribunalarini qisman yopishga qaror qildi. Bundan tashqari, jamoaga ikki yillik sinov muddati tayinlangan.
O‘yinning ertasiga «Fenerbahche» rahbariyati o‘z muxlislari xatti-harakatlarini qoralab, «sport siyosatdan tashqarida» degan tamoyilga amal qilishini bildirdi. «Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, biz o‘z tribunamizdan bunday munosabatni olqishlamaymiz. Bu bizning klubimiz qadriyatlari va pozitsiyasini aks ettirmaydi, ularni barcha muxlislarimizga bog‘lash va klubimiz zimmasiga mas’uliyat yuklash adolatdan bo‘lmaydi», deyiladi «Fenerbahche» bayonotida.
«Dinamo» bosh murabbiyi Mircha Luchesku o‘yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etishdan bosh tortdi. «O‘yin davomida butun e’tiborimni jamoa o‘yiniga qaratgandim, hech narsa eshitmadim. Juda xavotirda edim va hech narsa eshitmadim. Lekin, tushunishimcha, bu hayqiriq bosh murabbiy Mircha Lucheskuning e’tiborini tortdi, u matbuot anjumaniga bormadi», - deya izoh berdi «Dinamo» prezidenti Igor Surkis.
Mavzuga oid
20:43 / 13.11.2024
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi
22:15 / 12.11.2024
OAV: Putin Trampning inauguratsiyasigacha Kurskni qaytarishni buyurdi
13:11 / 12.11.2024
Siyosatshunos Gallyamov: Tramp Putin uchun tuzoq qo‘ymoqda
09:58 / 12.11.2024