07:35 / 08.08.2022
8213

Sobiq partizan Petro Kolumbiya prezidentiga aylandi

Bogotada Gustavo Petroning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tdi. Kolumbiyaning yangi prezidenti tengsizlikka barham berish va isyonchi guruhlar bilan sulh tuzish niyatida.

Foto: Reuters

Kolumbiyada birinchi marta so‘l kuchlar vakili, sobiq partizan Gustavo Petro prezidentga aylandi. 7 avgust, yakshanba kuni mamlakat poytaxti Bogotada uning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tdi.

Yangi davlat rahbari o‘z nutqida Kolumbiyaga zo‘ravonlik va qashshoqlikni yo‘q qilish uchun «ikkinchi imkoniyat» berilganini aytib, tengsizlikka barham beruvchi iqtisodiy siyosat olib borishga va’da berdi. «Men ikki davlatga ega bo‘lishimizni xohlamayman, jamiyatning tabaqalanishini xohlamayman. Men kuchli, adolatli va birlashgan Kolumbiyani xohlayman», dedi u.

Petro butun mamlakat bo‘ylab isyonchilar bilan tinchlik muzokaralarini davom ettirish niyatida ekanligini ma’lum qildi va ma’lumot evaziga radikal so‘l Kolumbiya inqilobiy qurolli kuchlari (FARC) jangchilariga nisbatan jazolarni yengillashtirishga va’da berdi. «Biz barcha qurolli shaxslarni qurollarini o‘tmishda qoldirishga chaqiramiz. Tinchlik va zo‘ravonlikni yakuniy yo‘q qilish evaziga qonuniy afzalliklarni qabul qiling», - deya qo‘shimcha qildi u.

62 yoshli Gustavo Petro yoshligida so‘l qanot isyonchi M-19 guruhiga qo‘shilgan va ikki yil qamoqda o‘tirgan. Keyinchalik u qurolli kurashdan voz kechdi, Belgiyada diplomat sifatida xizmat qildi va Bogota meri bo‘lib ishladi. 

Petro saylovoldi kampaniyasi doirasida Kolumbiyada keng qamrovli islohotlarni, jumladan boylik solig‘i, ocharchilik bilan kurash dasturi, neft va gazdan bosqichma-bosqich voz kechish hamda qayta tiklanadigan energiyaga sarmoya kiritishga va’da bergan.

Kolumbiya Janubiy Amerikada aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Uning 50 million aholisining aksariyati an’anaviy ravishda konservativ qarashlarga ega. Mamlakatda kuchli ijtimoiy tabaqalanish mavjud, ammo uzoq davom etgan qurolli to‘qnashuvlar paytida isyonchi guruhlar tomonidan yuz bergan zo‘ravonliklar tufayli Kolumbiyada so‘llar vakillari shu kunga qadar uncha katta nufuzga ega bo‘lmagan.

Top