8 avgustdan O‘zbekistonda OTMlarga kirish imtihonlari boshlandi. Milliondan ortiq yoshlar uchun muhim palla munosabati bilan Kun.uz bir necha hukumat a’zolarining oliygohga o‘qishga kirish xotiralari va abituriyentlarga tilaklarini taqdim etadi.
“Toshkentga kelishga imkoniyatim bo‘lmagani uchun, Termizga o‘qishga topshirishga majbur bo‘lganman”

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov:
— Men 50-60 yil avvalni emas, o‘zimning abituriyentlik davrimni aytmoqchiman: 1993 yil ilk marta test joriy qilinganda, test qanday bo‘lishini tushuntirib beradigan odam bo‘lmagan. Testga kirganmiz, nima qilishni bilmaymiz. Hujjat topshirishning o‘zida juda katta mashaqqat va adolatsizlik bo‘lardi. Termizning issig‘i 45 gradus, bir hafta hech bir sharoit yo‘q – hujjat topshirish uchun navbatda turganman. Toshkentdagi OTMlarga o‘qishga topshirish uchun olib keladigan odam bo‘lmagan – otam yoshlari o‘tib, bemor holda yotoqda edilar, hozirgidek transport infratuzilmasi bo‘lmagan.
Shu tariqa TerDUga hujjat topshirganman. Kimning tanishi bo‘lsa, kontrakt hujjatisiz hujjat topshirardi, bizga o‘xshab borib qolganlarga kontrakt “blankang” bo‘lmasa, hujjatingni olmaymiz, degan shart bo‘lardi.
O‘qishga kirgandan keyin 93 ball bilan kursdoshim budjet, men 177 ball bilan kontraktda o‘qirdim, bu adolatcizlikka chidab bo‘lmaydi. Hozir ijtimoiy tarmoqlar, faollarga rahmat – kichik adolatsizliklar barham berilishiga sabab bo‘lyapsizlar. Bir yil o‘qib budjetga o‘tganmiz, bunday imkoniyat ham bor edi.
Bilimi juda kuchli sinfdoshim Toshkentga o‘qishga topshirib, 5 marta qaytib ketgan, kira olmagan. Yaqinda shu sinfdoshimni ko‘rib hol-ahvol so‘rasam, maktabda qorovul bo‘lib ishlayotgan ekan. Jamiyat, davlat o‘sha payt shunday iqtidoridan ayrildi. Shunday qobiliyatli bolaning iste’dodi qishloqda qolib ketdi. Balki u mendan baxtlidir, ijtimoiy tarmoqlardagi negativlarga termilmas (hazil), tog‘da tinch yashayotgandir, lekin davlat bu iste’doddan ayrildi.
“Tun va kunni almashtirib imtihonga tayyorlanganmiz”

Ruslanbek Davletov, adliya vaziri:
— Abituriyent so‘zini eshitganimda hozir ham hayajon keladi. O‘sha paytdagi hislarimni eslatadi. Bu tabiiy narsa deb o‘ylayman. O‘qishga kirish ham insonning hayotidagi katta voqea – menda ham bu istisno bo‘lmagan. Hamma oddiy inson, bir sohada kuchli bo‘lsa, boshqa sohada kamchiligi bo‘ladi. Bu yil mening ham farzandim abituriyent – oilamizda hayajonli kunlar kechyapti. Abituriyentlar hayajonni o‘ylamasdan, o‘ziga ishonishi kerak.








