2016 yilda bir OTMdan ikkinchisiga yoki xorijdan mahalliy oliygohga o‘qishni ko‘chirish uchun jami 7,5 mingta ariza tushgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib esa bu raqam 22 barobarga oshgan. Bu haqda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov ma’lum qildi.

“7,5 ming nafar talabani OTMga joylashtirsa bo‘ladi. O‘sha vaqtda oliygohlar ham 77 ta bo‘lgan. Mana shu ariza topshiruvchilarni o‘rtacha taqsimlasak, 100 nafardan to‘g‘ri keladi.

2021 yilga kelib esa bu raqam 170 mingga yetdi. Shuning 100 ming nafari xorijdan, 60 mingdan ko‘prog‘i esa ichki o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lganlar hisoblanadi. Raqamlar 22 barobarga oshgan. Deylik, 2021 yilgi o‘quv yili uchun tasdiqlangan kvota 170 ming bo‘lsa, o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lganlar soni ham 170 ming nafarni tashkil etadi. Bu oliy ta’limga shuncha yuk degani”, – dedi Toshqulov o‘zining matbuot kotibi bilan suhbatda.

Shu yildan boshlab o‘rnatilgan yangi tartibga asosan, endilikda davlatga qarashli bir oliygohdan boshqasiga o‘qishni ko‘chirishga faqat ikkita holatda ruxsat beriladi:

  • oila qurgan talaba turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga o‘qishini ko‘chirsa;
  • davlat xizmatchisining ish joyi o‘zgarganda uning turmush o‘rtog‘i yoki 18 yoshga to‘lmagan farzandi o‘qishini ko‘chirsa.

Bundan boshqa holatlarda respublika ichida davlat OTMlariaro o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi. Abduqodir Toshqulov bu yangilik bo‘yicha izoh berdi.

“Birinchidan, [aytaylik], bitta OTMda 2 ming nafar talaba ketish uchun ariza yozdi, ya’ni bitta oliygohda 2 ming nafar talaba o‘qishni ko‘chirib, ketib qolsa, har 12 nafar talabaga bir nafar o‘qituvchi ishdan bo‘shatilishi kerak bo‘lib qoladi. Bu yerda mana shu muammo paydo bo‘lar edi. Qaysidir OTMga 1,5 ming nafargacha talabalar o‘qishini ko‘chirib keldi, u yerda esa 100 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar ishga olinishi kerak. Bu – hali pedagog-kadrlar masalasidagi muammo.

Xo‘sh, ularni qayerdan topamiz? Mana shu vaziyatda sobiq kollejlarimizdagi yoki maktablardagi o‘qituvchilarni olib kelsak, bu ishimiz yana tanqid bo‘ladi: “Qanday oliy ta’lim bu, qani sifat?” Bu – birinchi masalamiz.

Ikkinchisi – moddiy ahvolimiz. Ba’zi OTMda 3 smenada o‘qilyapti, ming nafar kelgan talabani qayerga joylashtiradi?

Keyingisi – hududiy masala qanday bo‘ladi? Bir yilda 5 mingdan ortiq talaba 1-kursdan keyin o‘qishini ko‘chirib ketsa, ularni ish bilan ta’minlash qanday bo‘ladi? Ularning kvotasi olib qo‘yilyapti, keyin poytaxtga kelinyapti. Shuning uchun uchun hududlar ham o‘ylanishi kerak.