Juma kuni o‘tkazilgan tintuvda Trampning uyidan 11 komplekt hujjatlar topilgan. Ulardan 4 tasi o‘ta maxfiy hujjatlardir. Shuningdek, topilgan hujjatlarning 3 tasida «maxfiy» belgisi bo‘lgan, yana 3 ta hujjatda shaxsiy ma’lumotlar bo‘lgan. Ba’zi hujjatlarda «TS/SCI» (Top Secret / Sensitive Compartmented Information) belgisi bo‘lgan. Bu tarqalishi milliy xavfsizlikka tahdid solishi mumkin bo‘lgan hujjatlarga qo‘yiladigan belgidir.

Orderda FQB agentlari holatni Josuslik to‘g‘risidagi qonunga asosan ham tekshirishi qayd etilgan. Politico nashrining aniqlik kiritishicha, bu qonun faqat ma’lumotni boshqa davlatga berish holatlarini emas, maxfiy ma’lumotlarni qaytarishdan bosh tortish holatini ham tartibga soladi.

Endilikda o‘zi hukumat tepasida bo‘lgan vaqtda bunday qonunbuzarlik uchun jazoni kuchaytirgan Trampga 5 yilgacha qamoq jazosi xavf solmoqda. Trampning aytishicha, topilgan hujjatlar allaqachon oshkor bo‘lgan va maxfiylik kasb etmaydi.

AQSh tarixida ilk marta sobiq prezidentning qarorgohi surishtiruv doirasida tintuvdan o‘tkazilgan. Trampning «Mar-a-Lago» nomli qarorgohi Floridadagi Palm-Bichda joylashgan.

Topilgan hujjatlarda nimalar yozilgan?

Donald Trampning uyida tintuvlar 8 avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Foto: EPA

Hujjatlar ro‘yxati sud tintuv natijalari borasidagi e’lon qilgan bayonotida aniq bo‘ldi. Tintuv jarayonida maxfiy hujjatlardan tashqari 20 ta quti ham topilgan. Unda suratlar, qo‘lda yozilgan qaydlar, Fransiya prezidenti haqidagi qandaydir ma’lumot, Trampning eski ittifoqchisi Rojyer Stoun tomonidan yozilgan afv xati va boshqa oshkor qilinmagan qaydlar topilgan.

Stoun – Respublikachilar partiyasining siyosiy konsultanti bo‘lishi bilan birga lobbist ham hisoblanadi. Tramp bilan yaqin munosabatda bo‘lgan Stoun 2019 yil maxsus prokuror Robert Myullerning Rossiya AQShdagi prezident saylovlariga aralashgani borasidagi katta surishtiruv ishi doirasida hibsga olingandi. O‘shanda WikiLeaks saylovda Trampning asosiy raqibi bo‘lgan Hillari Klintonni kamsitadigan ma’lumotlar tarqatgan, Stoun WikiLeaks asoschisi Julian Assanj bilan hamkorlikda ayblanib qo‘lga olingan.

Trampning villasidan Stoun yozgan kechirim xati topilgach, uning advokati bunday xat yozilganidan o‘zining ham, mijozining ham xabari yo‘qligini ma’lum qildi.

Sud orderida aytilishicha, tintuv ishlari «Mar-a-Lago» villasidagi «45-ofis» nomli xonada ham o‘tkazilgan. Tramp AQShning 45-prezidenti sifatida ishchi xonasini shunday nomlagan. Shuningdek, villadagi omborlar ham titib chiqilgan. FQB xodimlari xizmatchilar xonasi va mehmonxonaga kirmagan.