Jidda shahridagi «Qasr as-Salam» saroyida O‘zbekiston prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Davlat rahbarini Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud kutib oldi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida O‘zbekiston yetakchisi Saudiya Arabiston podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudga o‘z salomi va ezgu tilaklarini yetkazishni so‘radi.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Ishbilarmonlar aloqalari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, tarkibini diversifikatsiya qilish zarurligi qayd etildi. «Bugungi tarixiy uchrashuvimiz hamkorligimizni amaliy natijalar bilan boyitish, biznes aloqalari uchun “kuchli signal” bo‘lishiga aminman. Davlatlarimiz tadbirkorlari muloqotimiz natijalarini intiqlik va katta qiziqish bilan kutyapti», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Saudiya yetakchi kompaniyalarini O‘zbekistondagi tijorat banklari, yirik sanoat va infratuzilma obektlarini xususiylashtirish jarayonida faol ishtirok etishga chaqirdi. Energetika va neft-kimyo sohalaridagi sheriklikni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlandi. 

Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida mamlakat hududlarida transport, suv ta’minoti, elektr tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. 

Bugun O‘zbekiston-Saudiya ishbilarmonlar kengashi navbatdagi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani qayd etildi. Uning yakunida energetika, kimyo, elektrotexnika, infratuzilmani rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, axborot texnologiyalari va transport sohalarida umumiy qiymati 14 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan kelishuv va shartnomalar imzolandi.