00:43 / 20.08.2022
13960

«MYu» va «Real» Kazemiro transferi bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi

Foto: Reuters

«Manchester Yunayted» va «Real» klublari Kazemiro transferi bo‘yicha kelishuvga erishilganini rasman tasdiqladi.

Madrid klubi rasmiy sayti braziliyalik 30 yoshli futbolchiga klubdagi qariyb 10 yillik faoliyati uchun minnatdorchilik bildirib, 22 avgust kuni Kazemiro bilan xayrlashuv marosimi o‘tkazilishini ma’lum qilgan. Tadbirda futbolchidan tashqari klub prezidenti Florentino Peres ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Manchester klubi rasmiy sayti xabariga ko‘ra, klub ispan jamoasi bilan Kazemironing transferi bo‘yicha kelishuvga erishgan, futbolchining o‘zi bilan ham shartnoma masalasida bir to‘xtamga kelingan. Kazemiro tibbiy ko‘rikdan o‘tgach va unga Buyuk Britaniyada ishlash vizasi berilgach, transfer rasman amalga oshiriladi.

Avvalroq, braziliyalik 30 yoshli xavbek transferi uchun Madrid klubi hisob raqamiga 60 million yevro o‘tkazishi va yana bonus sifatida 10 million yevro to‘lashi, «MYu»da haftalik 350 ming funt maosh olishi haqida xabar qilingan edi. Kazemiro «MYu» bilan 4 yillik shartnoma imzolaydi. Unga ko‘ra, kelishuvni 2027 yilga qadar uzaytirish bandi ham kiritiladi. 

Eslatib o‘tamiz, Kazemiro 2013 yilda «Portu»dan «Real» safiga qo‘shilib, 3 karra La Liga g‘olibi va 5 karra YeChL bosh sovrini sohibiga aylandi. 30 yoshli yarimhimoyachi Madrid klubida 222 o‘yinda maydonga tushib, 24ta golga mualliflik qilgan.

Top