Hozirda mazkur sohani to‘g‘ri shaklga keltirish bo‘yicha ishlar olib borilyapti: paxtani yetishtirish va terishda odamlarni majburlab mehnat qildirish kabi o‘ta sharmandali ishlarga barham berildi; paxta maydonlari mantiqqa mos holatga keltirilyapti, ya’ni kamaytirilyapti, paxtani shunchaki xomashyo sifatida sotishga barham berilyapti – uni tayyor mahsulotga aylantirish bo‘yicha sezilarli qadamlar tashlandi. Paxtaning fermerdan sotib olish narxi ko‘tarildi, bu esa hosildorlik oshishiga olib keldi – stimul oshdi.

Biroq, muammolar hamon ko‘p: soha bozor munosabatlariga o‘tgani yo‘q. Masalan, bevosita paxtani yetishtirayotgan fermer o‘z mahsulotini mustaqil tadbirkor sifatida birjada sotayotgani yo‘q, bu esa uni – fermerni tom ma’nodagi EGA bo‘lishdan to‘sib turibdi. Bu – mahsuldorlik oshishiga, yer to‘liq ma’noda egalik bo‘lishiga to‘siq bo‘lyapti. Fermerning ishiga aralashuvchilar – hokimlar va boshqalar hamon ko‘p.

Paxta yetishtiruvchi bilan paxtani sotib oladiganlar (qayta ishlaydiganlar) o‘rtasida vositachi bo‘lmasligi kerak. Fermerlarni qo‘rmasdan mustaqil sub’yektlarga aylantirish vaqti keldi. Biz shu haqda fermerlar bilan suhbatlashdik.

“O‘ylaymanki, kelajakda fermer o‘z hosilini mustaqil ravishda o‘zi birjada sotadi”

Hamid G‘oyibov, “National agro producs” fermer xujaligi raxbari:

— Fermerning tafakkuri o‘zgarib ketdi. Endi u avvalgi fermer emas. Chunki prezidentimizning qarorlari bilan bozor munosabatlariga o‘tyapmiz. Fermer tashabbusni o‘z qo‘liga olyapti. Oldingidek, fermerni orqasidan yurish kerakmas – bunday narsalar yo‘q hozir. Bu yil iqtisod qilgan pulini kelgusi yil sarflashini o‘ylayapti. Fermer manfaatdor bo‘lsa, mol-qo‘yini sotib bo‘lsa ham hosiliga tikadi. Hamda yerdan to‘g‘ri foydalanadi. O‘ylaymanki, kelajakda fermer o‘z hosilini mustaqil ravishda o‘zi birjada sotadi.

Hamid G‘oyibov

Hozir paxtani fermerdan sotib olish narxi bahslarni keltirib chiqardi. Shaxsan o‘zim bu yil yetishtirgan paxtaning tannarxi 11,5–12 mingga boryapti. Sharoitlar har xil: qaysidir yerning ball boniteti yuqori, boshqasiki past va hokazo. O‘ylaymanki, bu masalada hammani qoniqtiradigan bir to‘xtamga kelinadi.

“Sudga bermoqchiligimni aytganimdan keyingina shartnomani qo‘limga berishdi”