Jahon | 10:17 / 26.08.2022
6396
2 daqiqa o‘qiladi

Yyel: Rossiya ukrainaliklar uchun 21 ta filtratsion lager tashkil qilgan

Tadqiqotchilar Donbassda ochiq manbalardan olingan materiallardan foydalangan holda filtratsion lagerlarni aniqladi. U yerda ukrainaliklar antisanitariya, oziq-ovqat va suv tanqisligi sharoitida saqlanyapti, deydi hisobot mualliflari. 

Foto: Getty Images

Yyel universiteti tadqiqotchilarining hisobotiga ko‘ra, 2022 yil mart oyidan beri Rossiya Donetsk oblastida ukrainaliklar uchun kamida 21 ta filtratsion lagerni tashkil qilgan. Hujjat 25 avgust, payshanba kuni AQSh Davlat departamenti tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Conflict Obseratory loyihasi saytida e’lon qilindi. 

Ochiq manbalardan olingan ma’lumotlar va masofadan zondlash axborotlaridan foydalangan holda tadqiqotchilar «yuqori darajadagi ehtimollik bilan» 21 ta filtratsion lager joylashganini aniqladi. Ular aniqlangan obektlarni to‘rtta asosiy toifaga ajratdi: ro‘yxatga olish punktlari, ro‘yxatga olishni kutayotgan shaxslarni saqlash joylari, tergov izolyatorlari va uzoq muddatli saqlash joylari sifatida xizmat qiluvchi qamoqxonalar. 

«Tinch aholining tashqi dunyodan uzib qo‘yilgan holda qo‘lga olinishi xalqaro gumanitar huquqning buzilishidan ko‘ra ko‘proq narsadir», - deydi tadqiqot mualliflaridan biri Kave Xoshnud. «Ushbu hisobotda hujjatlashtirilgan hibsda saqlash sharoitlari antisanitariya, oziq-ovqat va suv yetishmasligi, tor sharoitlar va qiynoqlarni o‘z ichiga oladi», dedi u. Hisobot mualliflari mustaqil kuzatuvchilardan hujjatda tasvirlangan obektlarga kirish huquqiga ega bo‘lishni talab qildi. 

Bundan tashqari, Yyel universiteti hisobotida Olenivka koloniyasidagi harbiy asirlarning qabri bo‘lgan obektlar haqida so‘z boradi. Iyul oyi oxirida qamoqxona majmuasida ro‘y bergan portlashdan so‘ng 53 ukrainalik harbiy asir halok bo‘ldi. Moskva va Kiyev bunda bir-birini ayblamoqda. 

Rossiyaning AQShdagi elchixonasi ushbu xabarga munosabat bildirdi va materialni «soxta» deb atadi. Diplomatik missiya AQSh Davlat departamenti rossiyalik harbiylarning Ukrainadagi harakatlarini obro‘sizlantirish maqsadida ma’lumot tarqatayotganini bildirdi. 

Mavzuga oid