Uchuvchisiz boshqariladigan Bayraktar dronlari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda ukrainaliklar qarshiligining o‘ziga xos ramziga, Bayraktar so‘zining o‘zi esa ommaviy madaniyatning ajralmas qismiga aylandi. Bugungi kunda ushbu dronlarning ishlab chiqarilishi ortida aka-uka Xoluq va Saljuq Bayroqdor turibdi.

Ukrain harbiylari Bayraktar dronlarini qabul qilmoqda. Foto: Getty Images

Aka-ukalar ofisi Istanbulning chekka hududida joylashgan. Maydon va binoning o‘zi dunyoning turli burchaklarida urushlar yo‘nalishini o‘zgartirgan harbiy dronlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyadan ko‘ra ko‘proq g‘arb universiteti kampusiga o‘xshaydi.

Kirish joyida xodimlar uchun Usmonlilar imperiyasi tarixiga oid ko‘plab kitoblar qo‘yilgan, ular orasida namoz o‘qish qoidalari haqidagilari ham bor. Bino universitetga o‘xshatilishi bejiz emas, xodimlarning o‘rtacha yoshi 29-30 atrofida.

Kabinetlarning birinchisi katta aka Xoluqniki – u kompaniyada CEO lavozimini egallagan va bosh direktor hisoblanadi.

Xoluq Bayroqdor prezident Zelenskiy bergan «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan

Devorda qahrabodan yasalgan ukrainaliklar kulbasining surati osilgan, stolida yumshoq o‘yinchoq – Bayraktar TB2 droni bor.

Xoluq dastlab 2020 yilda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy qo‘lidan Kiyevda olgan «Buyuk xizmatlari uchun» davlat ordenini g‘urur bilan ko‘rsatdi.

Suhbat davomida Xoluq o‘tgan yili vafot etgan otasi O‘zdemir Bayroqdorni ko‘p esga oladi. Uning ukasi, kompaniya texnik direktori bo‘lib ishlaydigan va Bayraktar dronlarining me’mori hisoblangan Saljuq ham otasini ko‘p xotirlaydi.

Erdo‘g‘anning kuyovi

2016 yilda Bayroqdorlar oilasi Turkiya prezidenti bilan quda bo‘ldi: Saljuq Erdo‘g‘anning qiziga uylandi
Foto: ANADOLU AGENCY VIA GETTY IMAGES

Xoluqning aytishicha, havaskor-uchuvchi bo‘lgan otasi unga aviatsiyaga bo‘lgan muhabbatni singdirgan. O‘zdemir Bayroqdor 1984 yilda avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish kompaniyasini tashkil etadi.