Milliy kelishuv hukumati sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat poytaxtida boshlangan otishmalar chog‘ida kamida 23 kishi halok bo‘lib, o‘nlab kishilar jarohatlangan.

Janglar Milliy kelishuv hukumati rahbari Abdul Hamid Dbeybaga sodiq bo‘lgan kuchlar va Liviya parlamenti tomonidan saylangan bosh vazir Fathi Bashaga tarafdorlari o‘rtasida kechmoqda.

Reuters agentligi xabar berishicha, qurbonlar orasida tinch aholi vakillaridan 17 kishi bor, ularning biri taniqli komik Mustafo Baraka (suratda).

Bu so‘nggi ikki yillikdagi eng shiddatli janglar bo‘lmoqda, o‘shanda bir necha oylik siyosiy qarama-qarshilik ko‘cha janglariga aylanib ketgandi, hozir ham to‘qnashuv ko‘lami yanada kengayishi mumkin.

Otishma va portlashlar

2011 yili NATO davlatlari qo‘llab-quvvatlovi bilan Muammar Qazzofiy ag‘darilganidan buyon Liviyada tinchlik o‘rnatilmadi. So‘nggi ikki yilda esa mamlakatda nisbatan tinch muhit hukm surdi.

Shanba kuni xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan hukumat qurolli kuchlari Liviya parlamenti tomonidan bosh vazirlikka saylangan Bashagaga sodiq bo‘lgan ayirmachilar kolonnasini chekintirish uchun o‘t ochdi.

Poytaxtning bir qator tumanlarida otishma va portlashlar ro‘y bergani aks etgan videolar tarqaldi. Shahar ustida qora tutun ustunlari ko‘tarildi.

Tripolida portlashlardan keyingi tutun ustuni. Foto: Getty Images

Harbiy harakatlar boshlangan tumanlar aholisi evakuatsiya qilingan. Favqulodda xizmatlar bir necha shifoxona shikastlanganini xabar qilgan.