Yaxshilikni har kim har kuni qilishi kerak, deydi dono xalqimiz. ERIELL Group kompaniyasi ana shunga amal qilib, 30 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni arafasida Toshkent viloyati «Kichkintoy» bolalar uyida xayriya aksiyasini o‘tkazdi. Ushbu muassasada yetti yoshgacha bo‘lgan 45 nafar bolalar, jumladan bir yoshga ham to‘lmagan go‘daklar tarbiyalanadi. Har bir bola mehr va e’tiborga muhtoj bo‘ladi, shu bois, ota-ona parvarishidan mahrum bo‘lgan bolalarni yolg‘izlatmaslik kerak. Bolalar uyining asosiy vazifasi bu yerdagi tarbiyalanuvchilarning oilaviy qadriyatlar va an’analardan xabardor bo‘lishini ta’minlashdir.

Bolalarning qulay shart-sharoitlarda yashab, ulg‘ayishlari uchun ERIELL Group tomonidan bino to‘liq ta’mirlandi: yashash sharoitlari yaxshilanib, qo‘shimcha qulayliklar yaratildi. Ta’mirlash chog‘ida xavfsizlik masalasiga, mebellar, texnika, eshik va derazalarni almashtirishga alohida e’tibor qaratildi, xo‘jalik binolari ta’mirdan chiqdi, binoning tashqi qiyofasi yangilandi, xonalarni bezatish ishlari amalga oshirildi. Bular «Kichkintoy» bolalar uyi tarbiyalanuvchilariga kattalarning alohida e’tibori va g‘amxo‘rligini his qilishiga yordam beradi.

Muassasa direktori Tohira Abdusamatovna Ismoilova 25 yildan buyon tarbiyalanuvchilarga onalik qilib kelmoqda. Tohira Abdusamatovnaning bu xizmatlari alohida qadrlanib, u birinchi darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni va «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi. «Davlatga qarashli muassasamizda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar tarbiyalanadi. Bu yerda mehnat qilayotgan tarbiyachilar bolalarning eng yaqin va qadrdon kishilaridir», - deydi Tohira Abdusamatovna. Ta’mirdan chiqqan bolalar uyining ochilishi munosabati bilan tashkil qilingan bayram tadbiri tarbiyalanuvchilarimiz uchun ajoyib bayram tuhfasi bo‘ldi.

Bolajonlarni tabriklash va kayfiyatlarini ko‘tarish maqsadida sevimli multfilm qahramonlari tashrif buyurib, turli o‘yin-kulgular uyushtirishdi. Ajoyib sovg‘alar ham bolajonlarga bayramona sovg‘a bo‘ldi, xususan, ERIELL Group va O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi hamkorligida chop etilgan shercha Leo haqidagi kitobcha ham shular jumlasidandir.



















