Jahon | 08:59 / 02.09.2022
10385
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiya IIV rahbari Kolokolsevga viza bermadi

Vladimir Kolokolsev BMTdagi politsiya xizmatlari rahbarlarining yig‘ilishida ishtirok eta olmadi, dedi Vasiliy Nebenzya.

Vladimir Kolokolsev / Foto: Reuters

AQSh hukumati Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsevga 30 avgustdan 1 sentabrgacha Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT politsiya xizmatlari rahbarlarining yig‘ilishida (UNCOPS 2022) ishtirok etish uchun viza bermadi. Rossiya delegatsiyasining boshqa barcha a’zolariga ham rad javobi taqdim etildi. Bu haqda 1 sentabr, payshanba kuni Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzyaga tayanib, «Interfaks» xabar qildi.  

UNCOPS 2022 platformasi tarmoq idoralari rahbarlariga BMT huquq-tartibot organlari va milliy politsiya xizmatlari ishi global xavfsizlik muammolariga, jumladan texnogen va tabiiy inqirozlarga qanday javob berishi mumkinligini muhokama qilish imkoniyatini yaratadi.

Volodimir Kolokolsev Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin - mos ravishda 2022 yil fevral va mart oyining oxirida Yevropa ittifoqi va Buyuk Britaniyaning sanksiyalari ostida qoldi. U 2016 yilgi AQSh prezidentlik saylovlariga ehtimoliy aralashganlikda gumonlanib, 2018 yil aprelidan beri AQShning qora ro‘yxatiga kiritilgan. Biroq, 2018 yil iyun oyida u AQSh vizasini oldi va UNCOPS forumida qatnasha oldi. «Men hech qanday alohida muammolarni ko‘rmadim va his qilmadim», degandi o‘sha paytda Kolokolsev.

2021 yilda Yevropa kengashining inson huquqlari bo‘yicha komissari Dunya Miyatovich Rossiyada muxolifatchi Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlagan namoyishlarni tarqatish chog‘ida fuqarolik faollarining ommaviy qo‘lga olinishi va politsiya zo‘ravonligidan xavotir bildirdi. DW tomonidan olingan Miyatovichning Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsevga yozgan maktubida aytilishicha, Rossiya rasmiylari harakatlari Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining bir qator moddalari, jumladan zo‘ravonlikka duchor bo‘lmaslik huquqi haqidagi 3-modda va yig‘ilishlar erkinligi huquqi bo‘yicha 11-moddani buzgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid