So‘nggi paytlarda avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlarining portlashi haqida bot-bot xabarlar yangramoqda. Bunday voqealarda insonlarning halok bo‘layotgani esa nihoyatda tashvishlanarli holdir.

Masalan, shunday keng ko‘lamli fojialarning so‘nggisi 2022 yil 18 avgust Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida sodir bo‘ldi. Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi avtomaktabga (!) tegishli «Isuzu» rusumli avtobus AGTKSdan gaz to‘ldirib chiqqan vaqtda unga o‘rnatilgan gaz ballonlari birida portlash sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida 6 kishi voqea joyida vafot etgan va 15 kishi tan jarohati olgan.

Sirdaryoda portlagan «Isuzu» avtobusi. Foto: FVV matbuot xizmati

2018 yilning 18 sentabrida Buxoroning Kogon tumanida ham «Isuzu» avtobusdagi gaz balloni portlashi natijasida 26 yo‘lovchidan 4 nafari hodisa joyida va 1 nafari shifoxonada vafot etgan edi. Yana 21 nafar yo‘lovchilar turli darajada tan jarohati olishgan.

Albatta, bunday voqealar kishida xavotir uyg‘otadi. Chunki ko‘pgina shaharlarimizda avtobuslar o‘zimizda ishlab chiqariladigan noqulay «Isuzu» ekani va ularning deyarli barchasi siqilgan gazda ishlashi, barchasining tom qismiga gaz ballonlar o‘rnatilgani, bunday ballonlarning kutilmaganda portlashi mumkinligi ko‘plab qurbonlar keltirib chiqarishi har qanday kishida xavotir uyg‘otishi tabiiy.

AGTKSlarda gaz to‘ldirayotgan yoki harakatlanishi asnosida portlash sodir bo‘lgan yengil avtomobillar haqidagi xabarlar deyarli har hafta tarqalmoqda.

Xo‘sh, metan ballonlar xavfsizlik talablariga javob beradimi? Umuman, jamoat transportlarida avtomobilning konstruksiyasiga o‘zgartirish kiritib, ushbu yoqilg‘i turidan bexavotir foydalansa bo‘ladimi?

Avtomobillarning yoppa metan yoqilg‘isiga o‘tishi — avtobenzin narxining qimmatligi va beqarorligi bilan bog‘liq. Qish faslida metan yoqilg‘isining uzilishi, AGTKSlarda uzundan uzoq navbatlar paydo bo‘lishi, mashinalarning dam-badam portlayotgani haqidagi xabarlar ham odamlarni cho‘chitmayapti. Chunki 100 km yo‘l uchun sarflangan metan yoqilg‘isi narxi benzinga ko‘ra 4–5 barobarga arzonroq.