Rossiya uzoqroq va chuqurroq retsessiyaga duch kelishi mumkin, chunki AQSh va Yevropa sanksiyalari mamlakat iqtisodiyoti uchun yillar davomida tayanib kelgan tarmoqlarga tahdid soladi. Bu haqda Bloomberg 5 sentabr, dushanba kuni Rossiya hukumati uchun tayyorlangan ichki hisobotga tayanib yozmoqda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, amaldorlar va ekspertlar Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan «Rossiyaning iqtisodiy yakkalanishi haqiqiy ta’sirini baholash» maqsadida bir necha oylar davomida ishlagan hujjat mansabdor shaxslarning ommaviy bayonotlaridan ko‘ra «aniqroq holat»ni ko‘rsatadi.
Hisobotda keltirilgan uchta ssenariydan ikkitasi 2023 yilda yalpi ichki mahsulotning pasayishi tezlashishini va iqtisodiyot faqat o‘n yillik oxirida yoki undan keyin urushdan oldingi darajaga qaytishini ko‘rsatadi. «Inersion» ssenariy iqtisod kelasi yil pastga tushishini va 2021 yilga nisbatan 8,3 foizga pasayishini nazarda tutadi. «Stress» ssenariysiga ko‘ra, YaIMning maksimal pasayishi 2024 yilda kutilmoqda - o‘tgan yil darajasidan 11,9 foizga past.
Barcha ssenariylar sanksiyalar bosimi ortib borayotganini inobatga oladi, ularga ko‘proq mamlakatlar qo‘shilishi mumkin. Hukumat hisobotida aytilishicha, Yevropaning Rossiya neft va gazidan keskin chekinishi Kremlning o‘z bozorini ta’minlash qobiliyatiga putur yetkazishi mumkin.

















