Joriy yilning bahorida nemis hukumati energiya qimmatlab ketishi tufayli narxlar oshayotgan sharoitda aholiga yordam berishga qaror qildi va yozning uch oyi uchun mo‘ljallangan to‘qqiz yevrolik yagona chiptani joriy qildi. Undan Germaniya temiryo‘llarining istalgan yo‘nalishida foydalanish mumkin edi (tezyurar poyezdlardan tashqari).

Bu o‘z navbatida temiryo‘llar orqali yo‘lovchi tashish hajmi misli ko‘rilmagan darajada oshib ketishiga olib keldi, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab hazilomuz izohlarga sabab bo‘ldi, shuningdek, Angela Merkel ketganidan beri Olaf Shols hukumatining yagona muhim yutug‘iga aylandi.

Shu bilan birga, tashabbus bir necha o‘n yillik optimallashtirishdan so‘ng ayanchli ahvolga tushib qolgan nemis temiryo‘llari muammolarini ochib tashladi. Ba’zan gavjum poyezdlarga (ayniqsa dengiz sohillari yo‘nalishidagi) chiqishning har doim ham imkoni bo‘lmasa-da, nemislarga to‘qqiz yevrolik chipta juda yoqib qoldi.

24 mart kuni Germaniya hukumati Berlinda energiya narxining keskin oshishi sababli aholini qo‘llab-quvvatlash choralarini muhokama qilayotganda, transport vaziri Folker Vissing so‘z oladi. U Germaniya aholisi uchun temiryo‘llardan yozda cheksiz foydalanish imkoniyatini beruvchi vaqtinchalik arzon chiptani joriy qilishni taklif etadi: uch oy - 90 kun - 90 yevro. Muhokama paytida 90 dan 0 raqami tushib qoldi va u to‘qqiz yevrolik chiptaga (9-Euro-Ticket) aylandi.

Arzon chipta 1 iyundan 31 avgustgacha amal qiladigan bo‘ldi (aslida bitta chipta bir oy amal qiladi, demak, yoz uchun uchtasini sotib olish kerak edi). Bu davr mobaynida to‘qqiz yevrolik chipta 52 million marta sotib olindi – yana 10 million donasini turli abonement egalari bepul olishdi.

Ushbu chipta bilan Germaniya aholisi mamlakat bo‘ylab xohlagan joyga bemalol sayohat qilishi, erta tongda poyezdga o‘tirib, kechga qadar istalgan nuqtaga yetib borishi mumkin edi (faqat tezyurar poyezdlardan tashqari). Ammo uzoq masofaga otlanishning hojati yo‘q edi – ko‘pchilik undan har kuni ishga borish yoki qo‘shni shaharlardagi qarindoshlarini yo‘qlash uchun foydalandi.

Loyihada to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy yordamdan tashqari, ekologik missiya ham bor edi – nemislar avtomobillardan kamroq foydalanadi deb taxmin qilindi. Bu oz miqdorda o‘zini oqladi: chipta sotib oluvchilarning 10 foizi avtomobilni tashlab, poyezdga o‘tirishdi. Lekin undan asosan oldin kam sayohat qilgan yoki umuman sayohat qilmaganlar foydalanishdi. Loyiha aholi harakatchanligining misli ko‘rilmagan o‘sishiga olib keldi, buni statistik ma’lumotlar ham tasdiqlaydi: 2022 yil iyun oyida Germaniyada poyezdlar qatnovi soni 2019 yilning iyuniga nisbatan 40 foizga oshdi.

Chipta Germaniyaning deyarli har bir aholisiga ta’sir qilgan populistik, ammo samarali siyosiy qaror namunasiga aylandi. Millionlab odamlar undan foydalanishdi, u haqda bahslashishdi, qo‘shiqlar yozildi, ijtimoiy tarmoqlarda memlar tarqaldi, u hatto Der Spiegel jurnali muqovasida paydo bo‘ldi.