5 sentabr kuni keng ko‘lamli qarshi hujum boshlagan Ukraina qurolli kuchlari bahordan buyon ilk bor anchagina yirik shaharni ozod qildi — bu Xarkiv oblasti janubidagi Balakliya shahridir. Ammo bu shahar boy berilishi — Rossiya qurolli kuchlari uchun so‘nggi kunlardagi eng yomon voqea emas. Ukrainaning hujumga o‘tishi Rossiya armiyasida chuqur inqiroz yuzaga keltirdi. Shimoldagi Kupyanskdan janubda Donetsk oblastining Slovyansk shahriga qadar hududda joylashgan butun qo‘shinlar guruhi (bu 10 mingdan ortiq harbiy xizmatchi degani) qurshovda qolishi mumkin. RF qurolli kuchlari uchun vaziyatni ukrain qismlarining tez harakatlanayotgani og‘irlashtirmoqda: uch kun ichida ular Chuguyivdan Balakliyaga qadar keng front bo‘ylab 20 kilometrdan 50 kilometrgacha bo‘lgan masofada ilgarilagan. Rossiyaning hujumni to‘xtatishi mumkin bo‘lgan zaxira kuchlari hozircha jang maydonida paydo bo‘lmadi.

Ukrainlar amaliyoti haqida nimalar aniq?

Ukraina qo‘shinlari 5 sentabr kuni rossiyaliklarning asosan Donbassdagi «respublika»larda safarbar qilingan va RFning o‘zidan olib kelingan zaxira kuchlari tashkil etgan mudofaasini yorib o‘tishdi. Bu hujum G‘arbdan va Sharqiy Yevropadan yetkazilgan zirhli texnikalarga ega yirik kuchlar bilan amalga oshirildi. Bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishlarda dushman mudofaasi yorib o‘tilgan:

  • Hujum qilayotganlar Balakliyaga kirmasdan, shaharni shimol va janubdan aylanib o‘tishgan. 
  • Shahardan janubdagi barcha rossiyalik harbiylar bir qancha aholi punktlarini qoldirib, Balakliya markaziga o‘tishgan.
  • Ukraina armiyasi shimoldan kelib qisqa fursatda Balakliya yaqinidagi Verbivkani egallashgan, aftidan, deyarli qarshiliksiz shimoliy-sharqiy yo‘nalishda harakatlangan.
  • Keyingi kuni ular Volohiv Yar qishlog‘i hududida (Balakliyadan 15 kilometr shimoli-sharqda va 4 sentabr kungi front chizig‘idan 20 kilometr masofada) Rossiyaning Izyum atrofidagi kuchlariga bog‘lanadigan yo‘l chorrahasiga yetib kelishdi. Yo‘l-yo‘lakay bir qancha aholi punktlari ozod etilgan.
  • Keyingi kuni ham yurish davom etgan. 7 sentabr kuni ukrain qo‘shini boshqa muhim yo‘llar kesishmasi hisoblangan — Shevchenkovoni egalladi (ukrain maxsus topshiriqli bo‘linmalari posyolkada turgani aks etgan fotosuratlar tarqaldi). Shevchenkovoga Ukraina qurolli kuchlarining Chuguyiv tomondan hujum qilgan boshqa guruhi ham yetib kelgan bo‘lishi mumkin.
  • Shevchenkovoda Kupyanskdan (Rossiyaning front orti hududi va Xarkiv oblastini boshqarishga da’vogar bo‘lgan kollaboratsionistlar bazasi joylashgan) Izyumga (Rossiyaning Donbassga shimoldan hujum qilgan va Slovyansk yaqinida to‘xtab qolgan guruhi shtabi joylashgan). Bu Izyum va Slovyansk ostonasidagi o‘rmonzorlarda turgan bo‘linmalar ta’minoti murakkablashishini anglatadi.