Rossiya qo‘shini qurshovga tushib qolmaslik uchun 8 sentabr kuni Balakliya shahrini tashlab chiqishdi, 10 sentabr kuni esa — RF mudofaa vazirligining ushbu mintaqadagi asosiy ta’minot bazasi hisoblangan Kupyansk shahrining g‘arbiy qismidan chekindi. 10 sentabr kuni Rossiya qurolli kuchlari ushbu hududdagi eng yirik guruhi shtabi joylashgan Izyum shahridan ham keta boshladi. Bu hududlar bilan birga janglar vaqtida boy berilgan boshqa o‘nlab qishloq va posyolkalar, o‘nlab butun yoki shikastlangan texnikalar, shuningdek tonnalab o‘q-dorilar qoldirib ketilgan. Bundan tashqari — Rossiya armiyasi 2022 yil martidan buyon katta kuch va qurbonlar bilan erishilgan barcha narsa boy berildi. Endi rossiyalik harbiylarda shimoldan turib Donbassga yangi hujum boshlash imkoniyati qolmadi. Quyida bu voqealarning qisqacha tadriji keltiriladi.

Bu qanday ro‘y berdi?

  • Ukraina qo‘shini Balakliya va Chuguyivdan yorib o‘tib, 9 sentabr kuni Kupyanskning g‘arbiy chekkasiga yetib kelishdi. Ular raketa zarbalari bilan Oskol daryosi (daryo Kupyansni g‘arbiy va sharqiy qismga ajratadi) orqali o‘tgan avtomobil ko‘prigini yakson etdi va bu orqali Ukraina armiyasining shaharga kirishiga qarshilik ko‘rsatishga uringan Rossiya armiyasi ta’minotini murakkablashtirdi. 10 sentabrga o‘tar kechasi Rossiya kuchlari Oskol daryosining sharqiy sohiliga chekindi va bu yerda kun davomida yangi mudofaa liniyasi tashkil etishga urindi. Shuningdek, RF qurolli kuchlari ukrainlarning shahardan shimolga, Ukraina-Rossiya chegarasi (Xarkiv Rossiyaning Belgorod oblasti bilan chegaradosh) tomon hujum qilishini to‘xtatishga urindi.
  • Ukraina qo‘shinlarining Balakliya hududida hujumga o‘tgan yana bir guruhi 9 sentabr kuni Kupyanskdan janubda Oskol daryosi bo‘yiga (Oskol suv omboriga) yetib kelib, Kupyansk va Rossiyaning Izyum hududidagi yirik guruhi o‘rtasidagi barcha aloqa yo‘llarini uzib qo‘ydi. Izyumdagi guruh yoz bo‘yi Donbassdagi Slovyanskka hujum qilishga uringandi.
  • Kupyanskdan 50 kilometr janubda joylashgan Izyum shahrini «katta yer» bilan bog‘laydigan yagona yo‘l ham (u Oskol daryosi ustidan shu nomdagi shahar hududida o‘tadigan ko‘prik yo‘lidir) ukrain qo‘shinlari to‘xtovsiz olg‘a yurishidan keyin xavf ostida qolgan: janubdagi ukrain qo‘shini Oskol daryosi kelib quyiladigan Shimoliy Donni kechib o‘tdi va Limanga yaqinlashdi. Liman egallangan taqdirda ular shimol tomon biroz yurib Izyumning ta’minoti amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan so‘nggi yo‘lni ham to‘sib qo‘yishi mumkin edi (endi bunga hojat qolmadi, RF mudofaa vazirligi Izyumni tashlab chekinishga qaror qildi).
  • Shu tahdid tufayli 10 sentabrga o‘tar kechasi Rossiya qo‘mondonligi bu guruhni qurshovga tushishdan saqlash maqsadida evakuatsiya qilishga kirishdi. Shu kuni ukrain qo‘shinlari Izyumning shimoliy chekkasiga yaqinlashib keldi, ammo shahar ozod etilgani hozircha rasman e’lon qilinmagan.