Boku va Yerevan bir-birini chegaradagi otishmada aybladi
Armaniston Ozarboyjonni chegara hududlarini o‘qqa tutishda aybladi. Boku Yerevanning «diversiyasi»iga javob berganini ma’lum qildi. Har ikki tomon yo‘qotishlarni tan oldi. Armaniston KXShT va BMT Xavfsizlik kengashiga murojaat qiladi.

Foto: AFP
13 sentabr, seshanbaga o‘tar kechasi Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarboyjon Qurolli kuchlari bir qator chegaradagi arman aholi punktlari yo‘nalishini jadal o‘qqa tuta boshlagani haqida xabar berdi. O‘z navbatida, Ozarboyjon hukumati Yerevanni chegaraning Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlaridagi «keng ko‘lamli diversiya»da aybladi.
«13 sentabr kuni soat 00:05 da Ozarboyjon Qurolli kuchlari bo‘linmalari Goris, Sotk va Jyermuk aholi punktlari yo‘nalishida artilleriya va yirik kalibrli o‘qotar qurollardan foydalangan holda kuchli o‘t ochdi. Armaniston qurolli kuchlarining pozitsiyalari o‘qqa tutildi», - deya ma’lum qildi arman harbiy idorasi.
«Ozarboyjonning keng ko‘lamli provokatsiyasi natijasida boshlangan intensiv otishmalar davom etmoqda. Armaniston Qurolli kuchlari bunga mutanosib ravishda munosabat bildirmoqda», — deb xabar qildi keyinroq mamlakat Mudofaa vazirligi.
Ayni paytda, Bokuning ta’kidlashicha, kechasi «Armaniston Qurolli kuchlarining diversiya guruhlari Ozarboyjon armiyasi bo‘linmalari pozitsiyalari orasidagi hududlar va ta’minot yo‘llarini minalab qo‘ygan». «Ushbu harakatlarning oldini olish bo‘yicha bo‘linmalarimiz tomonidan ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida jang sodir bo‘ldi», — deya ta’kidladi Ozarboyjon Mudofaa vazirligi va shaxsiy tarkib orasida yo‘qotishlar qayd etilganini qo‘shimcha qildi. Ozarboyjon harbiylari «Armaniston Qurolli kuchlarining o‘t ochish nuqtalarini o‘chirish va harbiy mojaro ko‘lamining kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun» zarur choralarni ko‘rmoqda», — deya ma’lum qildi Boku.
Ozarboyjon Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, arman tomoni shaxsiy tarkib va harbiy texnika bo‘yicha talafot ko‘rgan. Birmuncha vaqt o‘tgach, Yerevan tafsilotlarni keltirmagan holda yo‘qotishlar borligini tasdiqladi.
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar berdi Armaniston hukumati matbuot xizmati. Vazirlar mahkamasi rahbari chegaradagi vaziyat haqida gapirib, Ozarboyjonning harakatlarini «provokatsion» deb atadi va «xalqaro hamjamiyatning adekvat munosabati» muhimligini ta’kidladi. Kreml bu holat bo‘yicha hozircha izoh bermadi.
Armaniston Xavfsizlik kengashi «Do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnoma qoidalarini amalga oshirish uchun» Rossiyaga, shuningdek, Ozarboyjon bilan chegaradagi vaziyat tufayli Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) va BMT Xavfsizlik kengashiga murojaat qilishga qaror qildi, deb xabar berdi Armaniston hukumati.
Yerevan va Boku o‘rtasidagi mojaro 2020 yilning kuzida avj oldi. 27 sentabrdan 9 noyabrgacha Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida asosan armanlar istiqomat qiladigan Tog‘li Qorabog‘ uchun urush bo‘lgan. Natijada Ozarboyjon mintaqaning salmoqli qismini o‘z nazoratiga qaytardi. Rossiya vositachiligida Yerevan va Boku sulh bo‘yicha kelishuv imzoladi va Rossiya tinchlikparvar kuchlari chegara chizig‘iga olib kelindi. Biroq mintaqada keskinlik davom etmoqda.
Tog‘li Qorabog‘ SSSR parchalanganidan keyin bir tomonlama ravishda Ozarboyjondan mustaqilligini e’lon qildi. Hech bir davlat Tog‘li Qorabog‘ respublikasining mustaqilligini tan olmadi. Mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan muzokaralar jarayoni YeXHTning Minsk guruhi shafeligida, Rossiya, Fransiya va AQSh hamraisligida olib borilmoqda.
Tavsiya etamiz
Isroil–Eron urushining Markaziy Osiyo uchun geosiyosiy mezonlari qanday?
Jahon | 22:13 / 18.06.2025
Klublar o‘rtasidagi JChda ko‘pchilikka notanish bo‘lgan 11 iste’dod. Kimlar turnir kashfiyoti bo‘lishi mumkin?
Sport | 20:34 / 18.06.2025
Eron va Isroilning harbiy salohiyati: kimda qanday qurollar bor?
Jahon | 18:04 / 18.06.2025
Yana yuzlab odam aldangan: Alfa va Baraka avtolizing sudidan reportaj
Jamiyat | 11:25 / 18.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Ekspertlar Fordoga jiddiy zarar yetganini ma’lum qilyapti
Jahon | 10:41
-
Davlat organlari faolligining milliy reytingi joriy etiladi
O‘zbekiston | 10:33
-
Eron parlamenti Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi
Jahon | 10:28
-
«Manchester Siti» «Al-Ayn»ni mag‘lub etdi. Abduqodir Husanov 61 daqiqa o‘ynadi
Sport | 10:10
Mavzuga oid

13:20 / 21.06.2025
Ozarboyjonda yetti nafar jurnalist uzoq muddatga qamaldi

12:42 / 21.06.2025
Turkiya yetakchisi Armaniston bosh vaziri bilan tarixiy uchrashuv o‘tkazdi

18:58 / 13.06.2025
Armanistonda sobiq bosh vazir Ovik Abramyan qo‘lga olindi

12:10 / 03.06.2025